Dizel dvigateli haqida ko‘pchiligimiz, albatta, eshitganmiz. Dizel motorli mashinalarni ko‘chalarda tez-tez uchratish mumkin va asosan, bunday dvigatel yoqilg‘isining benzindan arzonroq yurishi tufayli odamlar shunday mashinalarni xarid qilishadi, degan fikr ham, albatta, quloqqa chalinib turadi. Lekin dizel dvigatelining asosiy afzalligi faqat bugina emas. Bugun ushbu ajoyib dvigatel ixtirochisi bo‘lmish Rudolf Dizel tavallud topgan kun. Ajoyib ixtirochi va mexanik Rudolf Dizel 1858-yilnining 18-mart sanasida Parijda tug‘ilgan edi. Sana munosabati bilan “Daryo” Dizel va uning nomi bilan atalgan dvigatelning ixtiro qilinishi tarixi haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

Rudolf Dizel garchi Parijda tug‘ilgan bo‘lsa-da, lekin nemis bo‘lgan. Uning otasi Fransiya poytaxtiga Augusburgdan kelib ishlaydigan muhojir bo‘lib, kitob muqovalash bo‘yicha usta bo‘lgan. Keyinchalik ota-onasi Rudolf Dizelni yana Augusburgga, amakisinikiga jo‘natib yuboradi va bo‘lajak ixtirochi aynan shu yerda, professor amakisining katta kutubxonasida fan-texnikaga oid adabiyotlarni bir boshdan o‘qib chiqish orqali muhandislik qobiliyatini shakllantira boshlagan. U Politexnika maktabini tamomlagach, Myunxendagi Bavariya politexnika institutida maxsus grant yutib olgan va ichki yonuv dvigatelini takomillashtirish borasida izlanishlarni boshlab yuborgan.

Rudolf Dizel o‘zining ilk dvigatelini 1897-yilda yasab, muhandislarga taqdim qilgan. U 20 ot kuchiga ega va daqiqasiga 172 marta aylanadigan dvigatel bo‘lib, naq 5 tonna tosh bosgan. Dizel o‘z qaydnomalarida ushbu turdagi dvigatelning haqiqiy, ishchi namunasini olish uchun 17 yillik mehnati singanini yozib qoldirgan va ilk bora barcha o‘ylangan natijalarni taqdim qilib, xuddi loyiha va hisob-kitoblarda kutilganidek samarali ishlay boshlagan dvigatel namunasini 1897-yilning 28-yanvar kunida yasab, ishlatib ko‘rganini belgilab qo‘ygan edi.

Foto: Google Photos

Dizelning ushbu ilk eksperimental dvigateli birinchi urinishdayoq o‘sha zamonning boshqa turdagi dvigatellaridan yuqoriroq foydali ish koeffitsientiga (FIK) ega bo‘lib, xususan, kema va paravozlarda qo‘llaniladigan bug‘ dvigatellari arang 12—20 foiz FIKga ega bo‘lgan bir paytda, Dizelning ushbu yangi ixtirosi 26,2 foiz FIK namoyish etgani diqqatga sazovordir. Bu ajoyib ko‘rsatkich darhol ko‘plab sanoat korxonalari va mutaxassislarning diqqatini o‘ziga jalb qilgan. Chunki ushbu dvigatel tamomila yangicha yondashuv asosida ishlaydigan ichki tuzilishga ega bo‘lib, unda ichki yonuv hodisasi siqilish fizik hodisasi ta’siri tufayli sodir bo‘ladi va shu orqali FIKning o‘sishiga erishiladi. Dizel o‘z kuzatishlari va tajribalari orqali ichki yonuv dvigatelining FIKi undagi yonilg‘ining siqilganlik darajasiga monand kuchayishini payqagan edi. Lekin bunda yonilg‘ining ortiqcha siqib yuborilishi ham xatarli bo‘lib, bu bosim va haroratning keskin oshib ketishiga va oqibatda yonilg‘ining muddatidan avval yonib bitishiga olib kelardi. Shu sababli Dizel dvigatel ichida yonilg‘ini emas, balki havoni siqish orqali FIKni oshirish mumkin, degan g‘oyani sinab ko‘rgan va shu orqali maqsadiga erishgan. Unda silindrga suyuq yonilg‘i katta bosim ostida purkab kiritilgan, bu paytda 600—650 selsiy haroratga ega siqilgan havoning issiqlik energiyasi sababli ichkariga kirib borgan yonilg‘i o‘z-o‘zidan alangalangan hamda buning natijasida gazlarning kengayishi ro‘y berib, aynan shu narsa dvigatel porshenlarini harakatga keltirgan. Shu tariqa Dizel ichki yonuv dvigatelining FIKni sezilarli oshirishga erishgan edi.

Foto: Google Photos

Yuqorida aytilganidek, FIK nuqtayi nazaridan o‘z zamonasi uchun a’lo ko‘rsatkichga ega bo‘lgan bu turdagi dvigatelga darhol ko‘plab sanoat korxonalari qiziqish bildirgan. 1898-yilning 1-yanvarida, ya’ni birinchi ishchi namuna olinganidan deyarli 1 yil o‘tib, u mazkur turdagi motorlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kattagina zavod tashkil qilgan. 1900-yilda esa biz yaxshi bilgan dizel dvigatellari alohida savdo belgisi, ya’ni patent huquqi asosiga ega bo‘lib, rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 1903-yilda muhandislar ilk bor dizel dvigateliga asoslanib harakatlanadigan yirik kemani suvga tushirgan. Barcha eksperimentlar muvaffaqiyatli o‘tgach, kemasozlik korxonalaridan dizel dvigateliga ko‘plab buyurtmalar kelib tusha boshlagan. 1908-yilda esa jahonda ilk dizel dvigatelli avtomobil sotuvga chiqarilgan. Shu yilning o‘zida dizel dvigatellarini lokomotiv va yuk mashinalari uchun ham mos modellarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular ham amaliyotda muvaffaqiyat bilan qo‘llanila boshlagan.

Dizel dvigatelli yengil avtomobillar ichida seriyali ishlab chiqarishga yo‘lga qo‘yilgan birinchi mashina 1936-yilda Daimler-Benz zavodlaridan chiqa boshlagan edi. O‘shanda Mercedes-Benz 260D modelli yengil mashina tarixda ilk bor keng iste’mol uchun moslab ishlab chiqarilgan dizel motorli avtomobil sifatida tarixga kirdi.

Lekin shuni taassuf bilan aytish joizki, qanchalik ajoyib ixtirochi bo‘lmasin, Dizel unchalik yaxshi biznesmen bo‘lmagan. U muhandis sifatida fikrlash borasida hammadan ilg‘or bo‘lishi mumkin edi, lekin iqtisod va moliyaviy savodxonlik bobida deyarli uquvsiz shaxs bo‘lgan. Qolaversa, patent olish jarayonlari bilan bog‘liq murakkab byurokratik to‘siqlar uni ko‘p xunob qilgan. O‘z mablag‘larini boshqarish va sarflash borasida biroz tavakkalchi bo‘lgan Rudolf Dizel 1913-yilda kasodga uchragan va iqtisodiy inqirozga yuz tutgan. Jahonga ajoyib texnik vosita — katta FIKga ega bo‘lgan dvigatelni taqdim qilgan muhandisning o‘limiga aynan shu omil sabab bo‘lgan, degan fikr ko‘plab manbalarda asosiy versiya sifatida ilgari suriladi. Har holda, qandaydir sabab bilan o‘sha yilning kuzida kemada La-Mansh orqali Belgiyadan Angliyaga yo‘l olgan ixtirochi sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan. Uni 29-sentabrda kechki payt o‘z kayutasiga kirib ketganidan keyin hech kim qaytib ko‘rmagan. Ba’zilar Dizel moliyaviy inqiroz tufayli o‘z joniga qasd qilgan, ya’ni o‘zini suvga tashlagan degan fikrni ilgari suradi. Yana ba’zi manbalarda esa uni nemis razvedkasining maxsus xizmat xodimi yo‘q qilgan, degan taxmin ham bildiriladi. Chunki u Angliyada ingliz flotining yuqori lavozimli mas’ul shaxslari bilan qandaydir texnik rejani muhokama qilishi kerak bo‘lgan va shu sababli, nemislar bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni o‘ldirishgan emish. Xullas, Rudolf Dizelning sirli o‘limi tafsilotlari mavhumligicha qolgan. Uning jonsiz tanasini belgiyalik baliqchilar dengizda ko‘rgan, lekin bu payt bo‘ron turgani bois jasadni suvdan chiqara olishmagan.

Dizel ixtirosi bo‘lmish dvigatellar hozirda ham ko‘plab transport turlarida keng qo‘llaniladi. Xususan, temiryo‘l, avtomobil, traktor va kombaynlarning ko‘plab turlari aynan dizel motoridan harakatga keladi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.