Germaniyalik fuqaro 360 ming yevroga yangi Ferrari F8 Tributo’ni sotib oldi. Amalga oshirilgan xariddan olti soat o‘tib, erkak jiddiy avariyaga uchragan bo‘lib, deyarli bir yil davomida kutilgan superkar qayta tiklanishga yaroqsiz holga kelib qolgan, deb yozadi Motor.

Foto: Polizei Hessen

43 yoshli erkak dilerlik markaziga o‘ziga kerakli jamlanmagan ega qora Ferrari F8 Tributo qachon olib kelinishini deyarli bir yil kutgan. Superkar narxi 360 ming yevroni tashkil etadi. Xarid vaqtida erkak kupega yozgi shinalar kiygizilganiga e’tibor qaratmagan. Sotib olinganidan olti soat o‘tib, Ferrari egasi tezlikni oshirgani sabab boshqaruvni yo‘qotgan va jiddiy avariyaga uchragan.

Ferrari beton to‘siqqa urilishi oqibatida uning orqa g‘ildiragi uzilib ketgan. Bundan tashqari, superkar yo‘l-yo‘lakay mikroavtobus bilan ham to‘qnashgan va to‘siqlardan birini tirnab o‘tgan. Avariya oqibatida F8 Tributo’ning oldi qismi to‘liq yakson bo‘lgan. Xavfsizlik yostiqchalari ishlab qolgani sabab haydovchiga shikast yetmagan.

488 GTB’ning vorisi hisoblanuvchi Ferrari F8 Tributo 2019-yilda taqdim etilgan. Superkarga 720 ot kuchiga ega 3,9 litrli V8 dvigateli o‘rnatilgan bo‘lib, kupe soatiga 100 kilometr tezlikka 2,9 soniyada erishadi. Maksimal tezligi — 340 kilometr/soat.

Avvalroq Turkiyadagi “moyka”dan chiqishi bilan avariyaga uchragan Ferrari 458 Italia’ning videosi tarqalgan edi.