Rossiyaning bortida 38 ta kosmik qurilma bo‘lgan “Soyuz-2.1a” raketasi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan muvaffaqiyatli uchirildi, deb yozadi “RBK” “Roskosmos” davlat korporatsiyasiga tayanib.

Foto: Twitter / @roscosmos

“Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan dunyoning 18 mamlakatiga tegishli 38 ta kosmik qurilma ortilgan ‘Soyuz-2.1a’ ‘Fregat’ tezlashtiruvchi bloki bilan start oldi”, — deyiladi xabarda. Keyinroq “Soyuz”dan uchta tabaqaning barchasi muvaffaqiyatli ajralib chiqqan.

Raketaning asosiy yuki — Janubiy Koreyaning CAS500-1 sun’iy yo‘ldoshi. Shuningdek, u Yaponiyaning “kosmik chiqindi”ni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan ELSA-d qurilmasini va GRUS seriyasidagi Yerni masofadan turib zondlash sun’iy yo‘ldoshlarini, Saudiya Arabistonining Yer tasvirlarini olish va aloqani ta’minlash uchun NAJM-1 qurilmasini, Berlin texnika universiteti va Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy-tadqiqot instituti sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqadi. Qurilmalar uchta quyosh-sinxron orbitalarga chiqariladi.

Fevral boshida Rossiyada “Soyuz-2.1b” tashuvchi raketa koinotga uchirilgan, u harbiy sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan edi.

28-fevral kuni esa Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan “Soyuz-2.1b” tashuvchi raketasi Arktika mintaqasida iqlim va atrof-muhitni monitoring qilish uchun mo‘ljallangan “Arktika-M” kosmik qurilmasi bilan birga uchirilgan edi.