Yevropa Ittifoqining tashqi siyosiy xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qrim va Sevastopolning aksariyat hududlarida chet el fuqarolari uchun yerga egalik qilishni taqiqlovchi farmonini tanqid qildi. Bu haqda muassasa veb-saytiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: Depositphotos

“Yevropa Ittifoqi Qrim yarimorolining Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda qo‘shib olinishini tan olmaydi, bu xalqaro huquqning ochiqdan ochiq buzilishi hisoblanadi. Shu sababli Yevroittifoq ushbu farmonni tan olmaydi va uning kuchga kirishini anneksiya qilingan yarimorolni Rossiyaga majburan qo‘shib olishga qaratilgan yana bir urinish deb biladi. Qrim Ukrainaning bir qismidir”, — deyiladi bayonotda.

Yevroittifoqning tashqi siyosiy xizmatining bayonotida ta’kidlanishicha, Qrimda yerga egalik qilishning taqiqlanishi xalqaro gumanitar huquqni buzadi, chunki bu hudud aholisini Rossiya fuqaroligini qabul qilishga majburlaydi.“Bu mulk huquqidan o‘zboshimchalik bilan mahrum qilishga olib keladi”, — deb ta’kidladi muassasa.

Ma’lumot uchun 2020-yilning mart oyida Vladimir Putin chet el fuqarolari uchun Qrim va Sevastopolning chegara hududlarida yerga egalik qilish huquqini taqiqlovchi farmon qabul qilgan. Xususan, Yalta, Kerch, Yevpatoriya, Sudakdagi yerlarga egalik qilish  taqiqlangan. Farmon 2021-yilning 20-martidan kuchga kirdi.

“RBK” agentligining yozishicha, 2020-yil aprel oyi holatiga ko‘ra, Qrimda chet elliklar egalik qilishini taqiqlovchi prezident farmoni ta’siriga 11,5 mingta yer uchastkasi tushgan. Yerlar 55 ta mamlakat fuqarolariga, asosan, ukrainaliklarga tegishli edi.

Avvalroq Yevroittifoq va AQSh Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritgani hamda AQSh Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyaga qarshi kiritgan sanksiyalarini kengaytirgani haqida xabar berilgandi.