Rossiyalik olimlar jamoasi hindistonlik mutaxassislar bilan birga mahsulotlarni qadoqlashda ishlatiladigan iste’molga yaroqli plyonkani yaratdi, deb xabar beradi Glamour.

Foto: Glamour

Ekologik iste’molga yaroqli plyonka dengiz o‘tlaridan olingan polimerlar  va tabiiy antioksidantlar asosida yaratilgan. Plyonkadan foydalanib bo‘lgach, uni yeyish yoki suvda eritib yuborish mumkin. Ta’kidlanishicha, polietilendan ishlangan odatdagi plyonkalarning parchalanishiga 5—15 yil talab etiladi.

“Biz dengiz o‘tlaridan olinadigan mashhur tabiiy polimer — natriy alginat asosida iste’molga yaroqli uch turdagi plyonkani yaratdik. Uning molekulalari plyonkasimon xususiyatlarga ega. Alginatning asosiy o‘ziga xosligi — suvda u suyuq gelga aylanadi”, — deydi rossiyalik olimlar.

Iste’molga yaroqli plyonka nafaqat ekologik, balki mustahkam ham. Unda mevalar, sabzavotlar, go‘sht va dengiz mahsulotlarini saqlash mumkin, mahsulotlar tarkibidagi ferul kislotasining antioksidant xususiyatlari sabab ular uzoq vaqt yaxshi saqlanib qoladi.

Avvalroq Yaponiyada och qolganda yordam beradigan bloknot yaratilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.