Yaqin yuz yil ichida Yerning asteroidlar bilan to‘qnashish xavfi mavjud emas. Bu haqda NASA kosmik agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: nasa.gov

Agentlik mutaxassislari 2004-yilda kashf etilgan Yer uchun eng xavfli Apofis asteroidi yaqin yuz yilda hech qanday xatar olib kelmasligini aniqladi.

Asteroidni kashf etgan olimlar, uning 2029-yilda Yer bilan to‘qnashishi mumkinligini da’vo qilgan edi. Biroz o‘tib ular asteroid 2029-yil 13-aprelda Yerning markazidan 37,6 ming km uzoqlikda uchib o‘tishini hisoblab chiqib, to‘qnashuv ehtimolini rad etdi. Keyinchalik, olimlar 2036-yilda ham Apofisning Yer bilan to‘qnashishi xavfini istisno qildi.

NASA ta’kidlaganidek, so‘nggi paytgacha asteroidning 2068-yilda Yer bilan to‘qnashish ehtimoli haqidagi fikrlar mavjud edi, ammo Apofis Yerdan 17 million km masofada (bu Oygacha bo‘lgan masofadan 44 baravar ko‘p) yana bir parvozni amalga oshirganidan so‘ng, 5-mart kuni o‘tkazilgan tadqiqotlar 2068-yilda va undan keyin ham har qanday to‘qnashuv ehtimolini ishonchli tarzda rad etish mumkinligini ko‘rsatdi.

“2068-yildagi to‘qnashuv ehtimoldan yiroq va bizning hisob-kitoblarimiz keyingi 100 yil ichida birorta to‘qnashuv xavfini ko‘rsatmayapti. Yaqinda o‘tkazilgan optik va qo‘shimcha radiolokatsion kuzatuvlar tufayli 2029-yil uchun bashorat qilingan Apofis orbitasidagi noaniqlik yuzlab kilometrdan bir necha kilometrgacha kamaydi. Shunday qilib, endi biz Apofisni xavf-xatarlar ro‘yxatidan chiqarib tashlashimiz mumkin”, — dedi NASA’ning Yerga yaqin obyektlarni o‘rganish markazi vakili David Farnokkia.

NASA’ning Apofis bo‘yicha so‘nggi hisob-kitoblari “Goldstoun” observatoriyasida (Kaliforniya janubidagi Moxave cho‘lida joylashgan) 70 metrlik antena va G‘arbiy Virjiniyadagi 100 metrlik “Grin Benk” teleskopi yordamida amalga oshirildi. “Goldstoun” signallarni qabul qilib turdi, “Grin Benk” qabul qilingan signal kuchini ikki baravar oshiradigan “bistatik tajriba” o‘tkazdi.

Oldingi radiolokatsion kuzatuvlar Apofisning “ikki lobli” yoki yong‘oqsimon ko‘rinishga egaligini ko‘rsatgan edi. NASA’ning ta’kidlashicha, bu diametri 200 metrdan oshadigan Yerga yaqin asteroidlar uchun nisbatan keng tarqalgan shakl.

Hozirda olimlar asteroidning aylanish tezligi va uning aylanish o‘qi to‘g‘risidagi tushunchalarni takomillashtirish ustida ishlamoqda. Ushbu ma’lumotlar 2029-yilda asteroid sayyoramizning tortishish maydoniga kirganda uning Yerga nisbatan yo‘nalishini aniqlashga imkon beradi, bu esa aylanish holatini o‘zgartirishi mumkin.

2029-yil 13-aprelda Apofis asteroidi Yer yuzasidan 32 ming km uzoqlikdagi masofadan uchib o‘tadi, bu geosinxron yo‘ldoshlarning masofasidan kam. NASA’ning ta’kidlashicha, mazkur uchrashuv davomida Apofis Sharqiy yarim shardagi kuzatuvchilarga teleskop yoki durbin yordamisiz ham ko‘rinadi.