2100-yilga qadar Shimoliy yarimsharda yoz fasli 6 oygacha davom etadi. Bu haqda xitoylik olimlarning prognoziga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: EPA

Olimlar 1952-yildan 2011-yilgacha bo‘lgan iqlimga oid ma’lumotlarni tahlil qilib chiqqan va bu vaqt ichida yozning o‘rtacha davomiyligi 17 kunga uzayganini aniqlagan.

“Agar hech narsa o‘zgarmasa, yuz yillikning oxiriga borib, yoz va bahor oylari 2011-yilga qaraganda bir oy erta, kuz va qish esa yarim oy keyinroq boshlanadi. Bu esa 2100-yilga borib yozning yarim yil, qishning esa ikki oydan kamroq davom etishiga olib keladi”, — deb yozadi tadqiqotchilar.

Xitoy Fanlar akademiyasining fizik-okeanologi Yupin Guanning ogohlantirishicha, yil vaqtlari o‘zgarsa, ayrim oqibatlar insonlar va tabiat uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘simliklar va hayvonlar tabiatdagi o‘zgarishga moslashishga majbur bo‘ladi.

Avvalroq olimlar okeanlarda suv sathi kutilganidan ancha tez ko‘tarilayotganini ma’lum qilgandi.