Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 4,8 foizgacha tiklanadi. Spot’ning ma’lum qilishicha, bu haqda “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqlari iqtisodiyoti sharhi”ning navbatdagi sonida qayd etilgan.

Foto: “Daryo”

Ammo tahlilchilar ta’kidlashicha, o‘sish sur’atiga jahon iqtisodiyoti tiklanishi tezligi va aholini COVID-19’ga qarshi emlash milliy kampaniyasining muvaffaqiyati bilan bog‘liq bo‘lgan noaniqlik ta’sir qilishi mumkin.

Savdo va investitsiya oqimi, mehnat migrantlari pul o‘tkazmalari hajmi, qishloq xo‘jaligida mo‘l hosilning bosqichma-bosqich tiklanib borishi va aholini emlash iqtisodiyotning tiklanishiga ko‘maklashadi hamda ishsizlik va qashshoqlikni yanada kamaytirishga yordam beradi.

Aholini vaksinatsiya qilishning tezlashishi va jahon iqitisodiyotidagi uzilishlarning susayishi bilan YaIM o‘sishi 2022-yilda yuqoriroq (5,5 foizgacha) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Yirik investitsiya loyihalari doirasida mashinalar, uskunalar va boshqa sanoat mahsulotlari importi hajmining tiklanib borishi bilan 2021-yilda to‘lov balansining joriy hisobi defitsiti YaIMning 5,5 foizigacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining 2020-yilgi pasayishdan so‘ng qisman tiklanishi prognoz qilinganiga qaramay, davlat va xususiy qarzlar to‘lov balansi joriy hisobot defitsitining katta qismini moliyalashtirishda davom etishi kutilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, davlat budjeti daromadlarining qisqarishi, vaksinalar sotib olinishi, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kengaytirilishi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish va korxonalarni davlat tomonidan kreditlash hajmining ortishi budjet taqchilligini 2021-yilda YaIMning 5,4 foizigacha oshiradi. U asosan davlat qarzlarini ko‘paytirish hisobiga moliyalashtiriladi.

2021-yilda O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 42 foizini tashkil etishi va o‘rta muddatli istiqbolda YaIMning 45 foizi darajasida barqarorlashishi kutilmoqda. Uy xo‘jaliklari va korxonalar uchun sharoitlar yaxshilanishi bilan inqirozga qarshi choralarni bosqichma-bosqich bekor qilish o‘rta muddatli istiqbolda budjet taqchilligini kamaytirishga olib keladi.

Ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi 33 milliard dollardan oshgan bo‘lib, bu mamlakat YaIMining 50 foizidan ham ko‘p.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 4,3 foizga, 2022-yilda esa 4,5 foizga o‘sishini prognoz qilgani haqida xabar berilgan edi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xavflarni ma’lum qilgandi.