SpaceX kompaniyasining Inspiration4 tijoriy dasturi doirasida koinotga parvoz qiladigan fuqarolik ekipaji to‘liq shakllantirildi. Ekipaj komandiri milliarder Jared Ayzekman o‘ziga hamrohlik qiladigan uch kishini tanlab oldi. Bu haqda milliarderning The New York Times’dagi bayonotiga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Jared Ayzekman parvozda ishtirok etish uchun allaqachon to‘liq to‘lov qilgan. Shuningdek, u qolgan uch nafar ishtirokchining parvoziga homiylik qilishini va ularni ma’lum bir shartlar asosida tanlab olishini aytgandi.

Ekipajga tayinlangan kishilar: Arizona shtatidagi kollej professori 51 yoshli Sian Proktor, Vashington shtatidan Lockheed Martin kompaniyasi muhandisi 41 yoshli Kristofer Sembroski va Tennessi shtatidagi Avliyo Jud nomli bolalar ilmiy-tadqiqot kasalxonasida ishlaydigan shifokor yordamchisi Xeyli Arseno.

Ayzekmanning ta’kidlashicha, jamoani tanlashda u badavlat bo‘lmagan kishilarga kosmosga uchish imkoniyatini berishni istagan.

Ushbu ekipaj kosmosga professional kosmonavtsiz chiqadigan birinchi jamoa bo‘lishi kutilmoqda. Ayzekmanning so‘zlariga ko‘ra, kema Yerni 539 km balandlikda aylanib chiqadi. Ta’kidlanishicha, oktabr oyiga rejalashtirilgan parvoz 15-sentabrdayoq amalga oshirilishi mumkin.

1-fevral kuni Ayzekman Inspiration4 missiyasi orqali  Memfis shahridagi Avliyo Jud nomli bolalardagi saraton kasalliklarini o‘rganish va tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi kasalxona uchun 100 million dollar xayriya mablag‘lari yig‘ishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. U shaxsiy mablag‘i hisobidan kasalxonaga yana shuncha miqdorda xayriya qiladi.

Ayzekman SpaceX kompaniyasiga bo‘lg‘usi parvoz uchun qancha pul to‘laganini oshkor qilmadi, ammo xayriyadan kutilayotgan mablag‘ missiya narxidan oshib ketishini ta’kidladi.

Avvalroq yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava Oyga birgalikda parvoz qilish uchun sakkiz kishilik jamoaga nomzodlarni qabul qilishi to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Maedzavaning so‘zlariga ko‘ra, parvoz 2023-yilda amalga oshiriladi.