Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Amir Temur ko‘chasidagi binolardan birining bir bo‘lagi qulab tushgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Avtomobil videoregistratoridan olingan birinchi videoda binoning go‘yoki osilib qolgan bir bo‘lagi qulab tushgandek ko‘ringan; hodisa guvohi tomonidan olingan ikkinchi videoda esa bino bo‘lagi maxsus vositalari bilan yerga ataylab tortilayotganini ko‘rish mumkin.

Toshkent shahar qurilish nazorat inspeksiyasi bosh inspektori Sobir Abulhasanovning “Daryo”ga bildirishicha, videolarda aks etgan holat 28-mart kuni Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan bino (sobiq “Aurum” restorani o‘rni)da yuz bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bino devorining 1,5 metrga 1 metr bo‘lgan fasad qismi ko‘tarma kran orqali ajratib olingan. “Hech kimga jarohat yetmagan, qurbonlar yo‘q, qo‘shni binolar ham zarar ko‘rmagan”, — deydi u.

Favqulodda vaziyatlar vazirligidan qo‘shimcha qilishlaricha, videolarda aks etgan holat “rejali buzish ishlari” bo‘lib, buzilgan bino o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qurilishi rejalashtirilgan. “Ushbu buzish ishlari barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda, devor bilan o‘rab olinib, amalga oshirilmoqda”, — deyiladi FVV axborotida.

Foto: Toshkent shahar qurilish nazorat inspeksiyasi

Foto: Toshkent shahar qurilish nazorat inspeksiyasi

Foto: Toshkent shahar qurilish nazorat inspeksiyasi