Boeing kompaniyasiga tegishli CST-100 Starliner kosmik kemasining may oyiga rejalashtirilgan Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) ikkinchi uchuvchisiz sinov parvozi iyul oyining oxiriga qoldirildi. Bu haqda Spaceflight Now maxsus saytiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.ru”

Amerikalik kosmonavtlarining kelajakdagi koinot parvozlari uchun yaratilgan kemaning ishga tushirilishi Florida shtatining Kanaveral burnida joylashgan kosmodromning 41-uchirish majmuasidan, United Launch Alliance kompaniyasiga tegishli Atlas 5 tashuvchi raketasi yordamida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Starliner’ning 2019-yil 20-dekabrda amalga oshirilgan birinchi sinov parvozidan so‘ng (o‘shanda kosmik kema XKSga tutasha olmagan edi), uni uchuvchisiz rejimda XKSga qayta uchirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Raketa uchuvchisiz kemani suborbital trayektoriyaga muvaffaqiyatli olib chiqqan. Lekin shundan keyin dvigatelning ishlash vaqtini belgilash tizimida nosozlik yuzaga kelgan, natijada Starliner kemasi XKS bilan yaqinlashish uchun rejalashtirilmagan, ancha pastroq orbitaga kirgan.

Kosmik kema Nyu-Meksiko shtatidagi Uayt-Sends poligoniga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan. Bu Amerika kosmik kapsulalarining birinchi marotaba yerga qo‘nishi edi. Bundan oldingi barcha qurilmalar okeanga tushgan.

NASA fevral oyi boshida Boeing kompaniyasining Amerikadagi eng yangi Starliner kosmik kemasining astronavtlar bilan XKSga birinchi parvozini sentabr oyidan oldinga rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan edi.

NASA bilan shartnomalar doirasida Boeing kompaniyasi astronavtlarni XKSga yetkazish va ularni Yerga qaytarish uchun Starliner missiyalarini tashkillashtirish va amalga oshirish bo‘yicha ishlanmasi uchun 5 milliard dollar oldi. Bu kosmik kema yetti kishi uchun mo‘ljallangan.

Amerikaning boshqa kompaniyasi — SpaceX o‘zining Crew Dragon kosmik kemasini yaratish uchun NASA bilan shu kabi shartnoma doirasida 3,1 milliard dollar oldi. Ushbu kosmik kema 2020-yilning noyabr oyida XKSga astronavtlar bilan parvozni amalga oshirdi va stansiyaga to‘rtta astronavtni yetkazib berdi.