Jizzaxda maktab o‘quvchisini zo‘rlab, buni birovga aytsa o‘ldirish bilan tahdid qilgan shaxsning jinoyati boshqa jinoyat ustida fosh bo‘ldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 23-fevral kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumani Chamanzor qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.E.ning turar joyida o‘g‘rilik yuz bergan. Soat kechki 7 dan 9 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uyda hech kim yo‘qligi, xonadon derazasi ochiqligidan foydalangan o‘g‘ri yotoqxonadagi seyfning qulfini buzib, 8 million so‘m pulni olib ketgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyat jabrlanuvchining mahalladoshi M.B. tomonidan sodir qilingani aniqlanib, undan 351 ming so‘m hujjatlashtirib olingan.

Tergovga qadar surishtiruv davomida ayblanuvchining yana bir jinoyati fosh qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, u 2001-yilning 1-oktabrida hududdagi turar joylardan birining yotoqxonasiga kirib, pichoq bilan qo‘rqitish yo‘li bilan maktab o‘quvchisini zo‘rlagan. So‘ngra birovga aytsa, o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Ushbu shaxs jinoyatini yashirish maqsadida qizning kiyim-kechagini o‘z yashash joyidagi hojatxonaga tashlab yuborgan.

Mazkur holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatida 2020-yilda 14 yoshli qizni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi jinoyat sodir etilgan shaxslar jazosiz qolayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.  Ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs 2021-yil 18-mart kuni qamoqqa olingani ma’lum qilindi. Bosh prokuratura va Senat qo‘mitasi holatni nazoratga olgan.