“‘Obod qishloq’ va ‘Obod mahalla’ dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga muvofiq, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi qishloqlar ro‘yxati quyidagi mezonlar asosida shakllantiriladi:

  • olis va iqlimi og‘ir hududdaligi;
  • Xalq qabulxonalari va hokimliklarga yo‘l, kommunikatsiya tarmog‘i va ijtimoiy soha bo‘yicha yo‘llangan murojaatlar soni;
  • aholi va tadbirkorlarda o‘z hududini obodonlashtirish tashabbusining mavjudligi;
  • “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i”, “Turizm ovuli” maqomiga ega ekanligi.

Qarorga ko‘ra, 2021-yilda jami 7 794 ta qishloq va mahallada 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlangan.

Dasturlar doirasida, jumladan:

  • 10 114,4 kilometr ichki yo‘llar quriladi va ta’mirlanadi.
  • 765 kilometr piyoda yo‘laklari quriladi.
  • 615 ta bog‘cha, 1 030 ta maktab, 376 ta tibbiyot muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
  • 710 ta mahalla binosi, 114 ta mahalla guzari, 27 ta madaniyat markazlari quriladi va ta’mirlanadi.
  • 345 ta avtobekatlar qurilib, ta’mirlanadi, 104 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishlari tashkil etiladi.
  • 1 867 ta sport maydonchasi, 490 ta bolalar maydonchasi, 43,5 km uzunlikdagi velosiped yo‘laklari barpo etiladi.
  • 45 376 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 1 323 ta ko‘p kvartirali uy-joylar ta’mirlanadi, shuningdek, 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joylar quriladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi. Unda davlat rahbari bugungi kunda mamlakatda eng og‘ir ahvolga tushib qolgan 796 ta qishloq va 188 ta shahar mahallalari mavjudligini ma’lum qilgandi.