Andijon va Namangan viloyatlari aholisi 6-aprel, seshanba kuni kechqurun O‘zbekiston osmonida yorqin chaqnoqqa guvoh bo‘ldi. Hodisa aks etgan videoyozuvlar mahalliy Telegram-kanallarda tarqaldi.

Xuddi shu hodisa, “24.kg”ning yozishicha, Qirg‘iziston osmonida ham kuzatilgan, Bishkek va Chuy viloyati aholisi noma’lum obyektning qulaganiga e’tibor qaratgan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Yusufjon Tillayev hodisa yuzasidan “Gazeta.uz”ga izoh berdi.

“Ikki taxmin bor. Birinchisi — bu kosmik chiqindi, kosmik kemaning o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan qismi. Ikkinchi taxminga ko‘ra, bu — kosmik jism, asteroid parchasi bo‘lib, kecha bolid ko‘rinishida namoyon bo‘ldi”, — degan Yusufjon Tillayev.

Direktor o‘rinbosari ayni paytda institut mutaxassislari mazkur hodisa sabablarini o‘rganish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan. “Umid qilamanki, tez orada biz uning nima ekanini aniqlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi olim.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati osmondan obyekt tushishi bilan bog‘liq qandaydir vayronagarchiliklar to‘g‘risida axborot kelib tushmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 26-iyul oqshomida o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik internet foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqlarga tungi osmonda kuzatilgan chaqnash aks etgan videoroliklarni yuklagandi. O‘zbekistonda samodagi bunday hodisani Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlarida kuzatish mumkin bo‘lgan. O‘zbekiston osmonida ko‘ringan ushbu noma’lum jism “Topol” qit’alararo ballistik raketasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.