O‘zbekiston va dunyo bo‘ylab olingan qiziqarli suratlarni havola qilamiz.

Toshkent shahridagi “Minor” masjidida juma namozini ado etgandan so‘ng o‘z yumushlari sari otlanayotgan odamlar. O‘zbekistonda 13-apreldan Ramazon oyi boshlanmoqda.

Foto: “Daryo” / Muhammadamin Toshkandiy

Moskvadagi Yuriy Gagarin haykali kosmonavtika kunidan avval yuvilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 1961-yilning 12-aprel kuni rus fazogiri Yuriy Gagarin insoniyat tarixida ilk bora fazoga parvoz etgan.

Foto: EPA

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi “Qo‘sharcha” mahallasi bolalari. Yog‘ingarchilik bo‘lgan vaqtlarda maktabga olib boruvchi yo‘l loy va muzlama bo‘lgani bois ba’zi vaqtlarda ota-onalar ularni maktabga yubormaydi. Maktabgacha bo‘lgan masofa ham uzoq — 4 km. Qishloq ahlining aksar qismi og‘ir sharoitda yashaydi, shu sababli ular bolalariga har qanday ob-havoga mos, chidamli oyoq kiyimlarni har doim ham olib berolmaydi.

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Tokiodagi savdo markazining avtoturargohida yurib ketayotgan erkak.

Foto: Reuters

Niderlandiyada ikki yosh tulki quyosh botishi natijasida to‘q sariq rangga kirgan osmon fonida urishmoqda.

Foto: Caters News

Toshkent shahridagi Mustaqillik va Oqqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida buzilib qolgan Matiz avtomobilini chetroqqa olib o‘tishga yordamlashayotgan YPX inspektori.

Foto: “Daryo” / Muhammadamin Toshkandiy

Indoneziyada o‘zbek arxitektura uslubida qurilgan birinchi masjid ochildi. Masjid 2020-yilning martida O‘zbekistondagi islom arxitekturasini o‘rganish doirasida tashrif buyurgan Gunadarma universitetining arxitektura fakulteti professor va talabalarining chizmalari asosida qurilgan.

Foto: O‘zbekistonning Jakartadagi elchixonasi

Tramp laqabli ot va uning chavandozi Garri Kobden Angliyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Liverpul shahridagi Aintreye ippodromida o‘tkazilayotgan poyga vaqtida yiqilib tushdi.

Foto: AFP

Rossiya tarkibiga kiruvchi Buryatiya Respublikasi rahbari Aleksey Sidenov onlayn tarzda bosh vazir Mixail Mishustinning yig‘ilishida qatnashdi. Buning uchun u stul, planshet va planshet tushib ketmasligi uchun o‘z portfelidan foydalandi.

Foto: Aleksey Sidenovning Instagram sahifasi

London shahri Tomas kasalxonasi yonidagi koronavirus oqibatida vafot etganlar xotirasi uchun tashkil qilingan yodgorlikka yurakcha chizayotgan odam.

Foto: Reuters

Qo‘g‘irchoq yasovchi Bazil Tvist Nyu-Yorkdagi Xyorst maydonidagi shahar filarmoniyasida chiqish qilishdan oldin o‘zi yasagan qo‘y ko‘rinishidagi qo‘g‘irchog‘i bilan o‘tiribdi.

Foto: AFP

Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan buzilayotgan “Navro‘z” to‘yxonasi. Bino buzilgan hududda Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida davlat san’at muzeyining namoyishlari kompleksini qurish boshlangan.

Foto: “Daryo” / Muhammadamin Toshkandiy

Vashingtondagi Oq uyning atirgul bog‘ida AQSh prezidenti Jo Bayden suiqasd paytida bosh miya jarohati tufayli Kongressdan ketgan Gebbi Giffordsdan havo bo‘sasi qabul qilib oldi.

Foto: Reuters

Toshkent markazidagi Amir Temur haykali poyiga qo‘yilgan gullar. Mamlakat bo‘ylab Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yillik yubiley sanasi nishonlanmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Londonda Buyuk Britaniya shahzodasi Filipp vafotidan keyin Bukingem saroyi yoniga gul qo‘yayotgan qizcha.

Foto: EPA

Bangladeshning Barisal shahrida juma namozi uchun masjidga kelgan odamlar.

Foto: “TASS”

Shveysariya havo kuchlarining Super Puma vertolyoti mashg‘ulotlar vaqtida otni ko‘tarib ketmoqda. Maqsad — jarohatlangan otlarni veterinariya shifoxonasiga yetkazish va tez evakuatsiya qilishni ta’minlash.

Foto: AFP

Shveysariyada gilos daraxtlarini sovuq urishidan himoya qilish maqsadida yoqilgan olovlar.

Foto: EPA

Madridda Mercedes Benz moda haftaligi boshlandi. Madrid yiliga ikki marta ulkan podiumga aylanadi. Unda butun dunyodan kelgan eng zamonaviy, taniqli va yosh dizaynerlar o‘z asarlari bilan qatnashadi.

Foto: Getty Images

Bangkokda AstraZeneca bilan COVID-19’ga qarshi emlanishdan oldin qon bosimini o‘lchatayotgan buddist monaxlar.

Foto: EPA

Argentinadagi shahar ko‘chalarida yolg‘iz ketayotgan erkak. Mamlakat hukumati karantin cheklovlarini 30-aprelga qadar uzaytirdi.

Foto: EPA

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi shahzoda Filipp vafoti munosabati bilan Londondagi katta ekranda aks etayotgan uning surati.

Foto: AP Photo

Barselona ko‘chalarida mushugini maxsus ryukzakka solib ketayotgan ayol.

Foto: Reuters