“Soyuz-2.1a” eltuvchi raketasi “Yu.A.Gagarin” “Soyuz MS-18” boshqariluvchi kemasi bilan birga Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: Twitter / @roscosmos

Kosmonavtika kuni va insonning koinotga ilk parvoziga 60 yil to‘lishiga bag‘ishlab uchirilgan kema bortida rossiyalik kosmonavtlar Oleg Novitskiy, Pyotr Dubrov va NASA astronavti Mark Vande Xay bor.

Foto: Twitter / @roscosmos

Ekspeditsiya 191 sutka davom etadi. Reja bo‘yicha kosmonavtlar yangi “Nauka” ko‘p funksiyali laboratoriya modulini qabul qilib olish uchun 50 ga yaqin ilmiy eksperimentlarni amalga oshirishi va ikki marta ochiq koinotga chiqishi kerak.

Foto: Twitter / @roscosmos

“Roskosmos” ma’lum qilishicha, startdan keyin eltuvchi raketaning birinchi va ikkinchi pog‘onalari bosh qismidagi obtekatel (suyri detal) tabaqalari bilan birga muvaffaqiyatli ajralib chiqdi, so‘ng kema Yerga yaqin orbitaga chiqib oldi.

Toshkent vaqti bilan 16:07 da “Soyuz MS-18” Xalqaro koinot stansiyasiga yetib borishi kerak, ayni paytda stansiyada “Roskosmos” kosmonavtlari Sergey Rijikov va Sergey Kud-Sverchkov, shuningdek, NASA astronavtlari Ketlin Rubins, Maykl Hopkins, Viktor Glover, Shennon Uoker va JAXA (Yaponiya aerokosmik tadqiqot agentligi) astronavti Soigi Noguchi bor.

Eltuvchi raketa Boyqo‘ng‘ir kosmodromidagi start maydonchasiga 6-aprel kuni o‘rnatilgan edi. Tarixiy voqeaga 60 yil to‘lishi munosabati bilan raketa korpusiga Yuriy Gagarinning ism-sharifi va uning portreti tushirilgan.

Mart oyida “Roskosmos” “Soyuz-2.1a” eltuvchi raketasining yangi dizaynini taqdim etgan edi. O‘shanda u tarixda birinchi marta yangicha ranglarga bo‘yalib, “Soyuz” raketalarining an’anaviy kulrang-to‘q sariq tusi — oq-ko‘k rangga o‘zgartiriladi. Davlat korporatsiyasida qayd etishlaricha, dizayn Yuriy Gagarin koinotga birinchi parvozni amalga oshirgan “Vostok” eltuvchi raketasining Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida turgan prototipidan ilhomlangan holda yaratilgan.