AQShning Minnesota shtatidagi Bruklin-Senter shahrida qora tanli yigit politsiyachilar tomonidan hibsga olinish paytida o‘ldirildi. Shundan so‘ng shaharda norozilik namoyishlari boshlandi. Bu haqda Star Tribune gazetasiga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

Gazetaning yozishicha, o‘ldirilgan yigit yigirma yoshli Daunt Rayt bo‘lgan. Politsiya xodimlari yo‘l harakati qoidalarini buzgani sababli uning mashinasini to‘xtatgan. Tekshiruv paytida politsiya ilgari Raytni hibsga olish to‘g‘risida order berilganini aniqladi. Qora tanli yigit yashirinishga uringach, politsiya uni otib tashladi. Mashinada bir ayol ham bo‘lgan, u kasalxonaga yotqizilgan.

Xabarga ko‘ra, voqeadan bir muncha vaqt o‘tgach, shahar politsiya idorasi yoniga 500 ga yaqin odam yig‘ilgan. Ular ketishdan bosh tortgan, so‘ng politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan. Namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan.

Gazetaning ta’kidlashicha, keyinchalik, harakatlar tartibsizlikka aylangan va namoyishchilar bir nechta savdo markazlariga hujum qilgan. Shahar meri Mayk Elliott hududda dushanba kuni soat 6 ga qadar komendantlik soati o‘rnatgan.

Bundan avval 2020-yilning may oyida Minnesota shtatida qora tanli amerikalik Jorj Floyd politsiya tomonidan hibsga olinayotganda politsiyachi uni yerga yotqizib, tizzasi bilan uzoq vaqt bo‘ynini bosib turishi oqibatida o‘lgandi. Buning ortidan mamlakat bo‘ylab huquq-tartibot organlari shafqatsizligi va irqiy tengsizlikka qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi va Black Lives Matter (“Qora tanlilarning hayoti muhim”) harakati paydo bo‘ldi. AQShda ushbu noroziliklar fonida tartibsizliklar boshlangan, politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv ham bo‘lgandi.

Floydni o‘ldirishda to‘rt politsiyachiga nisbatan ayblov e’lon qilindi: Derek Chovin (Floydning bo‘yniga tizza bosgan politsiyachi) va hibsga olishda uning yonida bo‘lgan uchta hamkasbi. Shuningdek, AQShning Minnesota shtatidagi Apellyatsiya sudi qora tanli Jorj Floydni o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq politsiya xodimi Derek Chovinga qarshi ayblovlarning bir qismi olib tashlangani to‘g‘risidagi qarorni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ma’lum qildi.

Afroamerikalik Jorj Floydning o‘limidan keyin Minneapolis (Minnesota shtati) shahar rasmiylari politsiyaga bo‘g‘ish usulini qo‘llashni taqiqlashga qaror qildi va Jorj Floydning o‘limiga sabab bo‘lgan Minneapolis politsiya departamenti tarqatib yuborildi.

Shuningdek, marhum Jorj Floyd oilasiga 27 mln dollar miqdorida kompensatsiya to‘lanishi haqida xabar berildi.