Karib dengizining Sent-Vinsen orolida La-Sufriyer vulqoni harakatga keldi. Mahalliy aholini evakuatsiya qilish uchun sayohat kemalari orolga keldi. Lekin boshqa orollarning hukumatlari faqat koronavirusga qarshi emlanganlarni qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi, deb yozmoqda Business Insider.

Foto: Business Insider

Eng xavfli hududlardan otilib chiqayotgan La-Sufriyer vulqoni yaqinidan 16 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qilish rejalashtirilgan. Ularning bir qismi Karib dengizining Sent-Lyusiya, Grenada, Barbados va Antigua kabi qo‘shni orollariga yuboriladi.

Lekin aksariyat orollarning ma’muriyatlari faqat koronavirusga qarshi emlanganlarni o‘z hududlariga kiritishga ruxsat berishini aytmoqda, deb yozadi gazeta.

“Aholi kemalarga chiqishidan oldin koronavirusga qarshi emlanishi kerak. Sent-Lyusiyaga emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatsiz ham borish mumkin, lekin u yerga borgandan keyin emlanish talab etilishi ehtimoli bor”, — dedi Sent-Vinset va Grenadin bosh vaziri Ralf Gonsalves.

Ta’kidlanishicha, xavf ostida qolganlarning hammasi ham orolni tashlab ketishni xohlamayapti.

Orolda vulqon otilishi 9-apreldan boshlangan bo‘lib, u 40 yildan buyon otilgan birinchi vulqon bo‘ldi. Tabiiy ofat natijasida orol kul bilan qoplanib, ko‘plab uylar elektr va ichimlik suvi tarmog‘idan uzilib qoldi. Mutaxassislar vulqon otilishi bir necha kun, hatto bir necha hafta davom etishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, Islandiyaning janubi-g‘arbiy qismidagi Reykyanes yarimorolida 19-mart kuni olti ming yil uxlagan Fagradalsfyadl vulqoni otilgan edi. Vulqon mamlakat poytaxti Reykyavikdan, taxminan, 30 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Shuningdek, Sumatra orolida Sinabung vulqoni harakatga kelgani, Sitsiliyada Etna vulqoni, Indoneziyada Levotolo vulqoni uyg‘ongani haqida xabar berilgandi.