Dunyoning turli burchaklarida 15-aprel kuni olingan suratlarni taqdim etamiz.

Toshkent shahridan Chirchiqqa ketaverishda yo‘l chetida qulupnay sotayotgan ayol. Qulupnay mavsumi hali boshlanmagani uchun uning kilosi hozirda 140 mingdan 160 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilmoqda.

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Janubiy Afrikaning Kryuger milliy bog‘ida bir-biriga yaqin turgan uch jirafa.

Foto: Solent News

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk Xalq Respublikasi (LPR) jangarilari Zolotoye yaqinidagi jangovar pozitsiyalarda snayper tomonidan otib o‘ldirilgan safdoshining dafn marosimida qatnashmoqda.

Foto: Reuters

Suriya muxolifati nazorati ostidagi al-Jayne qishlog‘idagi maktabda gimnastika mashg‘uloti bilan shug‘ullanayotgan qiz va uning o‘yinchoqlari.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniyaning Nyuberi shahri yaqinidagi qirov tushgan dalada yolg‘iz turgan daraxt va uning soyasi.

Foto: PA

Xitoyning Ichki Mog‘uliston muxtor rayonida ishchilar Laynkek temiryo‘lini qumdan tozalamoqda.

Foto: Shutterstock

Gvatemalada harakatga kelgan Pakaya vulqonidan oqib tushayotgan lava yaqinida turgan odamlar.

Foto: EPA

Tokiodagi Olimpiada ramzi orqasida ko‘rinayotgan kamalak rangidagi ko‘prik va Tokio minorasi. Tokio—2020 Olimpiadasi boshlanishiga 99 kun qoldi.

Foto: Reuters

Qohirada yashovchi 46 yoshli Xajja Dalal ismli mesaxarati (uyg‘otuvchi odam) “Maadi” mahallasida musulmonlarni saharlik qilish uchun uyg‘otmoqda.

Foto: Reuters

Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Samarqand tumanida barpo etilayotgan turizm markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari bo‘ladi. Uni 2022-yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

AQShga kelayotgan muhojir qizaloq. Jo Bayden ma’muriyati AQShning janubiy chegarasi bo‘ylab muhojirlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar oqimiga qarshi kurashni davom ettirmoqda.

Foto: Getty Images

Turkiya poytaxti Anqaradagi masjid oldidagi maydon dezinfeksiya qilinmoqda. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq holat kundan kunga og‘irlashib bormoqda. 14-aprel kuni Turkiyada 62 mingdan ortiq odamda COVID-19 aniqlanib, sutkalik rekord yangilandi. Koronavirus yuqtirganlarning umumiy soni 4 milliondan oshib ketdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Virjiniya shtatidagi Arlington milliy qabristoniga tashrifi chog‘ida 60-bo‘limdagi qabrlar orasida to‘xtab turganda ko‘z yoshlarini artib oldi. Bu yerda dafn etilgan mashhur amerikaliklar orasida prezidentlar Uilyam Xovard Taft, Jon Kennedi hamda Jaklin Kennedi va Robert Kennedi bor.

Foto: Reuters

Yong‘indan so‘ng qayta tiklash ishlari olib borilayotgan Notr-Dam ibodatxonasi. Ikki yil oldin, 2019-yil 15-aprelda Fransiya poytaxtining markazida Notr-Dam sobori yonib ketgandi. Yong‘in tomni butunlay vayron qilgan. Hozirda binoni tiklash ishlari davom etmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ibodatxonani besh yil ichida tiklashga va’da bergan.

Foto: Getty Images

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga safari chog‘ida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Marhumning haqiga Qur’on tilovat etildi. “Islom aka kamtar inson edilar. Bu maqbara ham o‘zlariga munosib bo‘lgan. Bu yerga mehr berganmiz. Birinchi Prezidentimiz boshlagan ishlarni davom ettiryapmiz. Ruhlari shod bo‘lsin, ilohim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oltinchi DAN qora belbog‘ sohibi, aykido bo‘yicha o‘qituvchi Tam Ha Kaliforniyaning Garden-Grou shahridagi Advance Beauty College talabalariga o‘zini himoya qilishni o‘rgatmoqda.

Foto: Reuters

Qo‘qon—Farg‘ona yo‘lining Buvayda tumani markazidan o‘tgan qismidagi chorrahada iftor vaqti haydovchilarga suv va arab xurmosi ulashayotgan yigitlar.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Buyuk Britaniyada Edinburg gersogi, Qirolicha Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i Filippni dafn etish marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shahzodani daft etish marosimi 17-aprel kuni Vindzor qasrida bo‘lib o‘tadi.

Foto: PA

Isroil mustaqilligining 73 yilligi munosabati bilan Tel-Avivda mamlakat havo kuchlari paradi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Istanbulda tibbiyot xodimlarining hukumatga qarshi aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: EPA

Nepalning Bxaktapur shahrida “Sindur Jatra” festivali doirasida odamlar bir-biriga to‘q sariq rangli kukunlarni sepmoqda. Bayram davomida dindorlar qo‘shiq aytib, raqsga tushib, bir-biriga kukun sepib, bahorning kirib kelishini nishonlaydi.

Foto: Reuters

Qashqadaryoning Koson tumanidagi “Shirintepa” mahallasida aravacha ichiga tushib olgan bolakay va qo‘y. “Shirintepa” mahallasiga necha yillardan buyon ichimlik suvi kelmagan. Odamlar 60, 70 kilometr uzoqdan bir hovuz suvni 70 mingdan 90 ming so‘mgacha sotib olib, iste’mol qilgan. Bu muammoni bartaraf etish uchun yaqinda bu yerda “Obod qishloq” dasturi doirasida yirik suv yig‘ish inshooti barpo etildi.

Foto: Koson tumani hokimligi

Shimoliy Koreyada “Quyosh kuni” — mamlakatning birinchi prezidenti, hozirgi KXDR yetakchisi Kim Chen Inning bobosi Kim Ir Sen tug‘ilgan kuni nishonlanmoqda.

Foto: AP Photo

Xitoyning Dutszyanyan shahridagi kitob do‘koni. Do‘kon 2020-yilda ochilgan bo‘lib, maydoni 973 kvadrat metrga teng. Do‘konda 80 mingdan ortiq kitob bor.

Foto: “TASS”

Jo Bayden Donald Tramp prezidentlik muddati davomida qurilishi to‘liq yakunlanmagan Meksika chegarasidagi devor uchun ajratiladigan mablag‘ni qisqartirdi.

Foto: Getty Images

Texas shtatidagi Dallas shahri markazida Toni Tasset tomonidan yaratilgan “Ko‘z” deb nomlangan shisha tolali haykalni tiklayotgan ishchilar. 30 metrlik “Ko‘z”ga vandalizm natijasida ziyon yetgan edi.

Foto: AP Photo

Ramazon oyi davomida Karachidagi masjidda Qur’on o‘qiyotgan odamlar.

Foto: Reuters