18-aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari Toshkentdagi savdo obyektlarida karantin talablariga rioya etilishini o‘rgandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida, qator mutasaddilardan iborat ishchi guruh poytaxt tumanlariga chiqib, hududlardagi holatni o‘rgangan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Xususan, ishchi guruh a’zolari Toshkentdagi bozorlar, supermarketlar, savdo-ko‘ngilochar markazlari va boshqa savdo maskanlariga tashrif buyurib, sotuvchilar, xaridorlar, ma’muriy xodimlar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinishi, ma’muriyat va epidemiologik osoyishtalik xizmatlarining karantin talablariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonga koronavirusning “afrikacha” shtammi kirib kelgani, 18-apreldan karantin talablari kuchaytirilishini ma’lum qilgandi.