Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 141 459 551 kishiga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha doimgidek, AQSh (31,6 million), Hindiston (15 million), Braziliya (13,9 million), Fransiya (5,3 million) va Rossiya (4,6 million) yetakchilik qilmoqda.

COVID-19 oqibatida vafot etganlar soni esa 3 020 990 kishini tashkil qilmoqda.

Bolakay Bxaktapur ko‘chalaridan birida sovun pufaklarini shishirmoqda, Nepal

Foto: Getty Images

Dunyoda koronavirus bilan kasallanish darajasi bo‘yicha yangi rekord qayd etildi: o‘tgan bir hafta ichida 5,2 million kishi COVID-19’ni yuqtirib oldi, bu pandemiya boshidan buyon kuzatilgan eng katta haftalik ko‘rsatkichdir. Bloomberg agentligi yozishicha, kasallanish holatlarining o‘sishi rivojlanayotgan mamlakatlar hisobidan yuz bermoqda, rivojlangan mamlakatlarda esa virus tarqalishi sur’atlari pasaymoqda.

Kasallanganlar soni eng ko‘p Hindiston va Braziliyada oshgan. U yerlarda tegishli ravishda aholining 4,5 va 8,3 foizi emlangan bo‘lsa, AQShda 33, Buyuk Britaniyada — 32 foiz aholi vaksina olgan.

Hindistonda 19-aprel, dushanba holatiga o‘tgan bir kecha-kunduzda rekord darajada ko‘p — 273 810 kishida virus aniqlandi. O‘limlar soni bo‘yicha ham rekord qayd etildi: bir kunda 1619 kishi vafot etdi, shu tariqa, pandemiya boshidan buyon vafot etganlar 178 769 kishiga yetdi.

Ayni paytda Hindiston kasalxonalari bemorlar oqimining kattaligi tufayli joylar va kislorod zaxiralari yetishmasligi bilan kurashmoqda.

Shu bilan birga, infeksiya tarqalishining kuchayib ketganiga qaramay, siyosatchilar saylovlar arafasida butun mamlakat bo‘ylab ommaviy mitinglar o‘tkazishda davom etmoqda.

Shu munosabat bilan poytaxt Nyu-Delida 26-aprelga qadar to‘liq lokdaun joriy qilindi. “Bu kichik lokdaun, olti kunga, xolos. Delidan ketmang. Lokdaunni uzaytirishimiz kerak bo‘lmaydi, deb umid qilaman”, — dedi Deli bosh vaziri Arvind Kejrival. U shaharda pandemiyaning to‘rtinchi to‘lqini boshlanganini qayd etdi. So‘nggi vaqtlarda Delida har kuni 25 mingga yaqin odam koronavirusga chalinmoqda.

Lokdaun haftaligi chog‘ida xususiy kompaniyalar xodimlari uydan ishlaydi. Hayotiy zarur xizmatlar ishchilari va davlat xodimlarigina ishxonaga borib ishlaydi. To‘ylar o‘tkazishga ruxsat beriladi, faqat ularda 50 kishidan ko‘p odam qatnashishi mumkin emas. Shaharda restoranlar, savdo markazlari va sport zallari yopilgan. Kinoteatrlar ishlayapti, ammo zalning uchdan bir qismi to‘lishi mumkin, xolos.

Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri Rafael Parent COVID-19 bilan kasallanish darajasi pasaymagunicha ayollardan homiladorlikni rejalashtirmaslikni so‘radi. Mamlakatda aylanib yurgan koronavirus shtammi ayni paytda ona bo‘lganlardan ko‘ra bo‘lg‘usi onalarga ko‘proq ta’sir o‘tkazadi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning “braziliyacha” shtammi boshqalaridan ko‘ra tezroq yuqadi va aynan homiladorlarga yomonroq ta’sir qiladi.

“Agar mumkin bo‘lsa, homiladorlikni yaxshiroq vaqtlar kelgunicha kechiktiring”, — dedi Parent.

AQShning Jorjiya shtati okeanariumidagi Osiyo qunduzlari COVID-19’ni yuqtirib oldi, ammo ular to‘liq sog‘ayib ketishi kutilmoqda.

Qunduzlarda aksirish, burun oqishi, yengil lohaslik, yo‘tal kabi respirator simptomlar yuzaga kelgan. Ayni paytda ular “sahna ortiga” olib o‘tilgan va davolanmoqda.

Qunduzlar kasallikni simptomsiz o‘tkazgan xodimdan yuqtirib olgani taxmin qilinmoqda, chunki jonivorlar tashrifchilar bilan bevosita aloqa qilmaydi.