Namangan viloyatining Chust tumanidagi Olmos qishlog‘ida yashovchi Nuriddin To‘xtamurodovning garajida 6 ta noyob avtomobil saqlanmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Jo‘rabek Mahmudov

65 yoshni qarshilayotgan Nuriddin aka qishloqning badavlat kishilaridan. Tadbirkor, fermer. To‘rt o‘g‘il, bir qizning otasi, 18 nafar nabiraning bobosi. Xobbisi — antikvar avtomobillar. Buni bir paytlar haydovchi bo‘lgani bilan izohlaydi.

“Haydovchi bo‘lganmiz-da, shunga qiziqaman. Mashinalarni yig‘ishni boshlaganimga besh-olti yil bo‘lib qoldi. Oldin bittasini sotib oldim, keyin yana. Hozir jami 6 ta bo‘ldi”, — deydi u.

Foto: Jo‘rabek Mahmudov

Tadbirkor biz bilan uchrashuvga Mercedes-Benz’da kelgan bo‘lsa ham, garajidagi avtomobillarning bari o‘tgan asrning 50-60-yillarida Sobiq Ittifoqda ishlab chiqarilgan. Ular qatorida “ZIM”, “Pobeda”, “Volga”, “GAZ” va “Moskvich” bor.

“Mashinalarimning barchasi yuradi, hamma ehtiyot qismlari o‘ziniki. Radiosidan tortib soatigacha ishlaydi. Nimadir buzilib qolsa, darrov Rossiyadan keltiraman yoki buyurtma beraman. O‘g‘illarimga ham avtomobillarga ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinlayman”, — deydi Nuriddin To‘xtamurodov.

Nuriddin akaning aytishicha, bisotidagi avtomobillarning har birini o‘z tarixi bor. Masalan, kulrang “Volga-21” avtomobilini qishloqda jamoa xo‘jaligi raisi mingan, keyinchalik o‘g‘li qoraga bo‘yatgan. Yangi egasiga o‘tgach, asl rangi tiklangan. Eng qizig‘i, Nuriddin aka keyinchalik raisning nabirasini kelin qildi.

To‘xtamurodovning garajidagi avtomobillar chang bosib yotmaydi. Vaqti-vaqti bilan turli tadbir va yurishlarga olib chiqiladi, hatto filmlarda ko‘rinish beradi. Jumladan, “ZIM” avtomobilidan “Qo‘rg‘oshin” filmida foydalanilgan deyishadi.

Foto: Jo‘rabek Mahmudov

“Marhamat, kinochilar bemalol mashinalarimdan foydalanishaversin. Bularni bekor olib o‘tirgandan nima naf? Ularning har biri san’at asari. Shunday bo‘lgandan keyin barcha bahra olishi kerak”, — deydi Nuriddin aka.

Ma’lumot uchun, qahramonimiz yana “Chayka” avtomobilini ham xarid qilib, garajidagi antikvar avtomobillar sonini jami 7 taga yetkazmoqchi.