O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2021-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, 34,7 million kishini tashkil etmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, shundan 17,2 million nafari ayollar, 17,4 million nafari erkaklardir.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, doimiy aholi soni 2021-yil boshidan 136,7 ming kishiga oshdi. Aholi soni yil boshidan har oyda o‘rtacha 45,9 ming kishiga ko‘paygan. 2021-yilning har bir kunida esa doimiy aholi soni o‘rtacha 1,5 ming kishiga oshgan.

Aholining o‘sish sur’ati 101,9 foizga teng.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2021-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra 34,5 million kishini tashkil etgandi.

Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning iyun oyida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan va O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmaganini ta’kidlagandi. Mamlakatda 2021-yil 1—25-noyabrda aholi sinov tariqasida, 2023-yilda esa to‘liq ro‘yxatga olinadi.