16:09, 19.04.2021 // 13329

Toshkentda karantin cheklovlari kuchaytirilgan birinchi kunda jamoat joylarida niqobsiz yurgan 773 kishi jarimaga tortildi

O‘zbekistonda 18-apreldan karantin talablari kuchaytirilib, qoidabuzarlar qat’iy javobgarlikka tortilishi haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar IIBB tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 18-aprel kuni 773 kishiga nisbatan jamoat joylarda niqobsiz yurgani uchun bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shuningdek, o‘rnatilgan cheklovlar haqida ogohlantirish yuzasidan 818 ta bayonnoma tuzilgan.

IIV matbuot xizmati shu kungacha ichki ishlar organlari xodimlari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga nisbatan asosan ogohlantirish bilan cheklanib kelganini, bundan buyon qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy va qat’iy choralar ko‘rilishini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 million 225 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda kunlik kasallanishlar soni 300 kishidan ortiq bo‘lmoqda. Xususan, 18-aprel kuni mamlakatning 10 ta hududida jami 302 ta kasallanish holati aniqlangan, ularning 206 nafari Toshkent shahrida qayd etilgan.

Shu kuni bosh vazir Abdulla Aripov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va boshqa mutasaddi tashkilot vakillari Toshkentdagi savdo obyektlarida karantin talablariga rioya etilishini o‘rgandi.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv