“Roskosmos” Rossiya kosmik stansiyasining birinchi modulini qurishni boshladi. Bu haqda davlat korporatsiyasining bosh direktori Dmitriy Rogozin Twitter orqali ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: piter.tv

“Rossiya yangi orbital xizmat stansiyasining birinchi bazaviy moduli ustida allaqachon ish boshlandi. ‘Energiya’ raketa va kosmik korporatsiyasi oldiga modulning 2025-yilda maqsadli orbitaga chiqishga tayyorligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan”, — deb yozgan Rogozin.

“Roskosmos” rahbari o‘z xabariga video ham ilova qilgan. Unda moduldagi “Energiya” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan ilmiy va energetik modulning germetik bo‘lmasini bildiruvchi yorliqni ko‘rish mumkin. 2019-yilda bo‘lmaning resurs sinovlari yakunlangan, modulni Xalqaro Kosmik Stansiya (XKS) tarkibida 2023-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Biroq keyinchalik ishga tushirish vaqti 2024 yilga qoldirildi. Shu bilan birga, Rogozin tomonidan joylashtirilgan videoda “Maket” so‘zi yozilgan belgi ham ko‘rinadi.

Avvalroq Rossiya o‘z orbital stansiyasini yaratish va 2025-yildan Xalqaro kosmik stansiya (XKS) loyihasidan chiqib ketish niyatida ekani ma’lum bo‘lgandi.  Bosh vazir yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rasmiylari bu haqda XKSdagi sheriklarini “ochiq-oydin ogohlantiradi”.

“XKSda 2024-yilgacha faoliyat olib borish to‘g‘risida hamkorlarimiz bilan kelishuvimiz bor. Ushbu muddat tugagandan so‘ng, qaror qabul qilish muddati, asosan, o‘z ish faoliyatini tugatgan stansiya modullarining texnik holati, shuningdek, yangi avlod orbital xizmat ko‘rsatish stansiyasini joylashtirish bo‘yicha rejalarimiz asosida amalga oshiriladi ”  —deyiladi “Roskosmos” xabarida.