Samarqandda maktab oldidagi piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 2-sinf o‘quvchisini Cobalt urib yubordi, deb xabar bermoqda viloyatning STV telekanali. Voqea tashqi kuzatuv kamerasiga tushgan.

Qayd etilishicha, urgutlik Sh.K. Cobalt’ni haydab ketayotganida 46-maktab oldidagi tartibga solinmaydigan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 8 yoshli qiz F.U.ni urib yuborgan. Haydovchi qizni zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga olib borgan.

“Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi qidiruv-surishtiruv bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Haydovchi qizaloqni vaqtida shifoxonaga yetkazgani sababli u omon qolgan. Unga bosh miyaning yengil darajali lat yeyishi, boshning chap peshona chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi va shilingan jarohatlari tashxisi qo‘yilgan.

Qiz bir sutka davomida shifoxonaning reanimatsiyasi bo‘limida bo‘lgan, ahvoli biroz ijobiy tomonga o‘zgargandan keyin bolalar jarrohligi va jarohatlari bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning ahvoli hozirda o‘rtacha og‘irlikda deb baholanmoqda.

Avvalroq Samarqandda piyoda Matiz urib ketishi oqibatida vafot etgani, haydovchi mast holatda bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Samarqandda yomg‘irli havoda yuk mashinasini quvib o‘tishga uringan Cobalt “KamAZ” bilan to‘qnashgani, YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingandi.