Wall Street Journal (WSJ) gazetasi Rossiyaning Qrim va Voronej viloyatidagi harbiy texnikalarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini chop etdi. Suratlar 2021-yil 27-martdan 16-aprelgacha olingan. Ularni tijoriy sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan shug‘ullanuvchi Maxar Technologies kompaniyasi AQSh va boshqa G‘arb davlatlari rasmiylari buyrug‘i bilan taqdim etdi. Kompaniya rahbari Den Yablonski suratlarni o‘z tashabbusidan kelib chiqib jurnalistlar bilan baham ko‘rishga qaror qilganini aytdi: “O‘ylaymanki, bu o‘ta notinch mintaqada sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan ba’zi noaniqlik va shubhalarni bartaraf qiladi”.

Qrimdagi Saki aviabazasidagi Rossiya harbiy samolyotlarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 2021-yil 16-aprel

Foto: Maxar Technologies

WSJ’dagi fotosuratlarning birida Qrimdagi aviabaza uchish-qo‘nish yo‘lagida “Su-30” qiruvchi samolyotlari tasvirlangan. “Surat 16-aprelda olingan, mart oyining oxirida bazada hali jangchilar yo‘q edi”, — deb yozadi gazeta. Boshqa rasmlarda Rossiyaning dala kasalxonasi, hujum vertolyotlari va Qrimdagi zirhli bo‘linmalar aks etgan. Fotosuratlarning biriga Voronej viloyatidagi Rossiya harbiy lageridagi motorli miltiq bo‘linmalari muhrlangan. “Su-34”, “Su-27”, “Su-25” va “Su-24” harbiy samolyotlari ham Ukraina chegaralariga olib chiqildi, deb yozadi WSJ. Nashrning ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali Rossiya Ukraina bilan chegarada ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra ko‘proq jangovar samolyotlarni joylashtirganini ko‘rish mumkin.

Qrimdagi Kirovskoye aviabazasidagi Rossiya harbiy vertolyotlarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 2021-yil 14-aprel

Foto: Maxar Technologies

Amerikaning ismi oshkor qilinmagan rasmiylarining WSJ’ga aytishicha, hozirda 80 mingga yaqin rus qo‘shinlari Ukraina chegaralari yaqiniga joylashtirilgan. Bu bir oy avvalgi ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar ko‘p. Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yuqori vakili Jozep Borrel 20-aprel kuni Ukraina chegaralari yaqinidagi rus qo‘shinlari sonini 100 mingdan oshiqroq deb taxmin qildi. Chegaralar yaqinida 2014-yilga nisbatan ko‘proq rus qo‘shinlari to‘plangan, deydi Pentagon.

Qrimda Rossiya dala kasaxonasidagi harbiy vertolyot va transport vositalarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 2021-yil, 15-aprel

Foto: Maxar Technologies

Qrimdagi Rossiya havo-desant qo‘shinlarining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri. 2021-yil, 15-aprel

Foto: Maxar Technologies

“Bir necha hafta ichida ular harbiy eskalatsiyani amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan jangovar tayyorgarlikka yaqinlashadi. Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, o‘sha paytgacha ularning birlashgan harbiy kuchlari 120 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarni tashkil etishi mumkin. Putin hujum qilishga qaror qiladimi yoki yo‘qmi, bizga qorong‘i, lekin u bunga, albatta, tayyor turadi”, — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dimitriy Kuleba. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns o‘tgan hafta Senatga xuddi shunday xulosalarni taqdim etgan edi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati harbiy harakatlar boshlangan taqdirda, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bunday ko‘mak tankka, kemalarga va havo hujumiga qarshi turuvchi tizimlarini o‘z ichiga olishi mumkin, dedi WSJ manbasi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘mak rejasi tasdiq uchun hali Baydenga taqdim etilmagan. WSJ, shuningdek, Oq uy Rossiyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 13-aprel kuni NATOning “tahdid soluvchi harakatlariga” javoban Rossiya g‘arbiy chegaralariga o‘z qo‘shinlarini joylashtirganini aytdi. 20-aprelda Shoygu NATOning harakatlarini Janubiy harbiy okrug (Qrim tarkibida) qo‘shinlarining jangovar qobiliyatini oshirishiga sabab, deb atadi. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Donbassdagi vaziyatni beqarorlashtirishga intilmoqda, AQSh va NATO esa Qora dengizning havo va suv hududlarida “provokatsion harakatlar” olib bormoqda, shuning uchun ham “janubi-g‘arbiy strategik yo‘nalishdagi harbiy-siyosiy vaziyat qiyinligicha qolmoqda”.

2021-yil mart oyining oxirida rasmiy Kiyev va tan olinmagan Donesk hamda Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasidagi ziddiyat avj oldi. Buning fonida Rossiya o‘zining Ukraina chegaralaridagi qo‘shinlari sonini ko‘paytira boshladi. Conflict Intelligence Team (CIT) tergov guruhi Ukraina chegaralaridagi Rossiya qo‘shinlarining faol tarzda ko‘paytirilishi 2014–2015-yillardan buyon eng yuqori darajaga chiqqanini aytdi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva Ukraina chegarasiga va Qrimga 40 ming nafardan askarni joylashtirgan.

Bayden va Angela Merkel Rossiyani Ukraina bilan chegaradagi qo‘shinlarini olib ketishga chaqirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani “jilovlash”da Baydendan yordam so‘radi. Kreml esa Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ehtimolini istisno qildi.

20-aprel kuni Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanaliga joylashtirilgan videomurojaati orqali Putinni Donbassda uchrashishga taklif qildi.