Markaziy bank boshqaruvi 22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda asosiy stavkani o‘zgarishsiz, yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, mazkur qaror inflyatsiya darajasini pasaytirish va iqtisodiyotning tiklanib borishi sharoitida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, tashqi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha xatarlar fonida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayuvchi dinamikasini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi.

2021-yil 11-martda ham Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil boshida 14 foiz etib tasdiqlagandi. 2019-yilda ushbu stavka 16 foizgacha ko‘tarilgandi. 2020-yil mart oyida ham bazaviy stavka o‘zgarishsiz qoldirilib, 16 foiz deb belgilangandi.

Markaziy bank boshqaruvining 2020-yil 14-apreldagi qarori bilan asosiy stavka 1 foizga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilangan edi. Iyun oyida esa Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirishi haqida xabarlar tarqaldi, biroq 11-iyun kuni asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qilingan va u 15 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilgandi.

2020-yil 10-sentabr kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgiladi. 2020-yil 22-oktabri va 2021-yilning 21-yanvarida ham asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qoldi.