Marsga Perseverance marsoxodi bilan birga yetib kelgan Ingenuity vertolyot-droni 22-aprel kuni ikkinchi marta muvaffaqiyatli avtonom parvozni amalga oshirdi, deb yozadi “Interfaks” NASA’ga tayanib.

Foto: Zuma

Ingenuity vertolyoti besh metrgacha balandlikka ko‘tarildi. Sayyora yuzasi uzra biroz muallaq turgach, vertolyot 5 darajaga og‘di va yon tomonga qarab 2 metr masofaga uchdi. Shundan so‘ng u yana muallaq turdi, so‘ng turli tomonlarga burilib, o‘zining rangli kameralarini ishga soldi. So‘ngra u qo‘nish uchun o‘z “aerodromi”ga yo‘l oldi. Butun parvoz, taxminan, 50 soniya davom etdi.

19-aprel kungi muvaffaqiyatli sinov parvozi chog‘ida vertolyot 3 metr balandlikka ko‘tarilgan va Mars yuzasi uzra 39 soniya vaqt o‘tkazgan edi.

Avvalroq NASA butun operatsiya buyruqlar asosida avtonom tarzda amalga oshirilishini ma’lum qilgandi, buyruqlar esa Perseverance marsoxodiga yuborilgan, undan Ingenuity vertolyotiga uzatilgan.

Ingenuity 31 kun ishlashga mo‘ljallangan. U yana kamida uchta parvozni amalga oshirib, marsoxod atrofidagi hududni aerofotosyomka qilishi kerak.

Dronning diametri 1,2 metr, og‘irligi taxminan 1,8 kg bo‘lib, uni ishlab chiqish uchun 85 million dollar sarflangan. U ikkita kamera bilan jihozlangan va suratga olish uchun havoda 20—30 soniya davomida muallaq tura oladi. NASA avvalroq bunday qurilma uchun asosiy muammo Mars atmosferasining o‘ta siyrakligidan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Mars atmosferasining zichligi Yernikining atigi 1 foiziga teng, shu sababli vertolyot shunchaki sayyora yuzasida turgan vaqtida ham bu uning uchun Yerdagi 30 km balandlikka teng bo‘ladi”, — degan edi loyiha muallifi.

Ingenuity Marsga Perseverance marsoxodi bilan birga yetib kelgan. Marsoxod ortilgan raketa 2020-yil iyulida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan edi. Fevralda Amerika roveri Yezero krateriga borib qo‘ndi. Bungacha sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar yordamida u yerda katta ko‘lga borib quyilgan daryo o‘zani izlari aniqlangan edi. Olimlar fikricha, kraterda hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin.