Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida xizmat vazifasini olib borayotgan YPX inspektorining hujjatlarni taqdim etish borasidagi qonuniy talabini bajarmagan Malibu haydovchisiga jazo tayinlandi. Bu haqda viloyat IIBB YHXB axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Nurafshon shahrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori I. Abdujalilov Malibu avtomobiliga to‘xtash ishorasini bergan va haydovchidan hujjatlarini taqdim etishni so‘ragan. Haydovchi esa inspektorga qo‘pollik qilib, hujjatlarini taqdim etmagan. Voqea joyiga yordamchi kuchlar chaqirilib, haydovchi shahar IIBga olib borilgan va unga dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon sudiga yuborilgan. Sud ular bilan batafsil tanishib, guvohlarning ko‘rsatmalari, videolavhalarni o‘rganib, haydovchiga nisbatan besh sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Shu kabi holat Angren shahrida ham kuzatilgan. YPX inspektorlari va Transport vazirligining viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Damas haydovchisi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan qochib ketgan.

YPX inspektori transport vositasining ortidan kuzatishga tushgan, Damas haydovchisi keyingi chorrahada turgan inspektorlarning ham talabagi bo‘ysunmagan. Kuzatuv oxirigacha davom ettirilib, avtomobil to‘xtatilgan.

Haydovchi YPX xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni haqoratlagan, qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Unga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, o‘rnatilgan tartibda sudga oshirilgan. Sud ularni o‘rganib chiqib, haydovchiga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini belgilagan.

Avvalroq Jizzaxda qoidani buzgan haydovchini so‘kkan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani, Toshkentda YPX inspektorini haqorat qilgan Matiz haydovchisiga chora ko‘rilgani, Andijonda “tonirovka”si uchun to‘xtatilgan Nexia haydovchisi YPX inspektori bilan janjallashgani to‘g‘risida xabar berilgandi.