24-aprel kuni Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) tutashgan Amerikaning SpaceX kompaniyasiga tegishli Crew Dragon-2 ko‘pmartalik kemasining astronavtlari stansiyaning bortiga o‘tdi. Bu haqda NASAga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Meduza

Ularning kelishi bilan stansiya ekipaji a’zolarining soni 11 nafarga yetdi.

Stansiyaning Amerika segmentidagi Harmony moduliga tutashish AQShning Sharqiy sohili vaqti bilan 05:08 da (Toshkent vaqti bilan 14:08) avtomatik ravishda amalga oshirildi. Taxminan ikki soatdan keyin kema va stansiya o‘rtasida lyuklar ochildi.

Crew Dragon-2 kemasida bir vaqtning o‘zida uchta agentlikning vakillari — NASA astronavtlari Megan Makartur va Sheyn Kimbro, Yevropa kosmik agentligi (ESA) astronavti Tomas Peske va Yaponiya Aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) astronavti Akixiko Xoside keldi.

Ular XKSga 2021-yilning 9-aprel kuni “Soyuz MS-18” kemasida kelgan “Roskosmos” kosmonavtlari Oleg Novitskiy va Pyotr Dubrov hamda NASA astronavti Mark Vande Xay, shuningdek, stansiyaga 2020-yilning 17-noyabr kuni Crew Dragon-1 kemasida kelgan astronavtlar Maykl Hopkins, Viktor Glover, Shennon Uoker (stansiya komandiri) va JAXA astronavti Soiti Nogutidan iborat ekipajga kelib qo‘shildi.

28-aprel kuni Crew Dragon-1 kemasi to‘rt nafar astronavt bilan Yerga qaytgach, XKS bortida yetti kishi qoladi.

Ma’lumot uchun, “Roskosmos” Rossiya kosmik stansiyasining birinchi modulini qurishni boshladi va 2025-yildan Xalqaro kosmik stansiya (XKS) loyihasidan chiqib ketishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Boeing kompaniyasiga tegishli CST-100 Starliner kosmik kemasining may oyiga rejalashtirilgan Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) ikkinchi uchuvchisiz sinov parvozi iyul oyining oxiriga qoldirildi.

Starliner’ning 2019-yil 20-dekabrda amalga oshirilgan birinchi sinov parvozidan so‘ng (o‘shanda kosmik kema XKSga tutasha olmagan edi), uni uchuvchisiz rejimda XKSga qayta uchirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.