Ingenuity vertolyotining uchinchi parvozi 25-aprel kuni amalga oshirildi hamda tezlik va masofa bo‘yicha har qachongidan, hatto Yerda olib borilgan sinovlar chog‘ida namoyish etilgan natijalardan ham ko‘ra, yaxshiroq ko‘rsatkichlarga erishildi, deb yozadi “Interfaks” NASA saytiga tayanib.

Vertolyot ikkinchi parvozdagi kabi 16 fut (5 metr)ga ko‘tarildi, so‘ng 50 metr masofani uchib o‘tib (futbol maydoni uzunligining yarmidan ko‘prog‘iga teng masofa), soniyasiga 6,6 fut (2 metr) maksimal tezlikka erishdi.

“Bugungi parvoz biz rejalashtirgandek o‘tdi, ammo baribir bu hayratlanarli edi”, — dedi Vashingtondagi NASA bosh qarorgohida Ingenuity Mars Helicopter loyihasi rahbari Deyv Laveri.

Shuningdek, NASA ushbu vertolyot tomonidan olingan Marsning rangli suratini e’lon qildi. Unda Qizil sayyoraning yuzasini hamda Yezero kraterida Perseverance marsoxodi qoldirgan izlarni ko‘rish mumkin.

Foto: NASA

“Bu uchar qurilma tomonidan parvoz chog‘ida olingan birinchi rangli tasvir”, — dedi NASA vakili.

Surat 22-aprel kuni olingan. O‘sha kuni Ingenuity droni ikkinchi marta muvaffaqiyatli avtonom parvozni amalga oshirgan edi. O‘shanda vertolyot besh metrgacha balandlikka ko‘tarildi. Sayyora yuzasi uzra biroz muallaq turgach, vertolyot 5 darajaga og‘di va yon tomonga qarab 2 metr masofaga uchdi. Shundan so‘ng u yana muallaq turdi, so‘ng turli tomonlarga burilib, o‘zining rangli kameralarini ishga soldi. So‘ngra u qo‘nish uchun o‘z “aerodromi”ga yo‘l oldi. Butun parvoz, taxminan, 50 soniya davom etdi.

Birinchi marta amalga oshirilgan 19-aprel kungi muvaffaqiyatli sinov parvozi chog‘ida vertolyot 3 metr balandlikka ko‘tarilgan va Mars yuzasi uzra 39 soniya vaqt o‘tkazgan edi.

Ingenuity 31 kun ishlashga mo‘ljallangan. U yana kamida ikkita parvozni amalga oshirib, marsoxod atrofidagi hududni aerofotosyomka qilishi kerak.

Dronning diametri 1,2 metr, og‘irligi taxminan 1,8 kg bo‘lib, uni ishlab chiqish uchun 85 million dollar sarflangan. U ikkita kamera bilan jihozlangan va suratga olish uchun havoda 20-30 soniya davomida muallaq tura oladi. NASA avvalroq bunday qurilma uchun asosiy muammo Mars atmosferasining o‘ta siyrakligidan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Mars atmosferasining zichligi Yernikining atigi 1 foiziga teng, shu sababli vertolyot shunchaki sayyora yuzasida turgan vaqtida ham bu uning uchun Yerdagi 30 km balandlikka teng bo‘ladi”, — degan edi loyiha muallifi.

Ingenuity Marsga Perseverance marsoxodi bilan birga yetib kelgan. Marsoxod ortilgan raketa 2020-yil iyulida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan edi. Fevralda Amerika roveri Yezero krateriga borib qo‘ndi. Bungacha sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar yordamida u yerda katta ko‘lga borib quyilgan daryo o‘zani izlari aniqlangan edi. Olimlar fikricha, kraterda hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin.