Mars atmosferasida ikkinchi parvozini amalga oshirgan Ingenuity droni sayyoraning rangli suratini yubordi. Bu haqda NASA’ga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: NASA

Suratda vertolyot soyasini, uning qo‘nish tayanchlari uchi, shuningdek, dronni Marsga yetkazgan Perseverance roverining g‘ildiraklari izini ko‘rish mumkin.

Ikkinchi parvoz vaqtida dron atrof-muhitni nafaqat o‘zining oq-qora navigatsion kamerasi, balki rangli kamerasi yordamida ham tasvirga olgan. E’lon qilingan surat sayyora yuzasidan 5,2 metr balandlikdan olingan.

Foto: NASA

Eslatib o‘tamiz, 19-aprel kungi muvaffaqiyatli sinov parvozi chog‘ida Ingenuity vertolyoti 3 metr balandlikka ko‘tarilgan va Mars yuzasi uzra 39 soniya vaqt o‘tkazgan edi.

Avvalroq NASA butun operatsiya buyruqlar asosida avtonom tarzda amalga oshirilishini ma’lum qilgandi, buyruqlar esa Perseverance marsoxodiga yuborilgan, undan Ingenuity vertolyotiga uzatilgan.

Ingenuity 31 kun ishlashga mo‘ljallangan. U yana kamida uchta parvozni amalga oshirib, marsoxod atrofidagi hududni aerofotosyomka qilishi kerak.

Dronning diametri 1,2 metr, og‘irligi taxminan 1,8 kilogramm bo‘lib, uni ishlab chiqish uchun 85 million dollar sarflangan. U ikkita kamera bilan jihozlangan va suratga olish uchun havoda 20—30 soniya davomida muallaq tura oladi. NASA avvalroq bunday qurilma uchun asosiy muammo Mars atmosferasining o‘ta siyrakligidan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Mars atmosferasining zichligi Yernikining atigi 1 foiziga teng, shu sababli vertolyot shunchaki sayyora yuzasida turgan vaqtida ham bu uning uchun Yerdagi 30 kilometr balandlikka teng bo‘ladi”, — degan edi loyiha muallifi.