O‘zbekistondagi ayrim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan olingan avtobenzinlar davlat standart ko‘rsatkichlariga mos kelmayotgani aniqlandi, deb xabar beradi “O‘zneftgazinspeksiyasi” matbuot xizmati.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lib, davlat chegaralaridan olib kirishda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarning xulosalarini taqdim etilishi talab etiladi. “Import avtobenzinlarni sifatini buzilish holatlari ba’zi nopok tadbirkorlar tomonidan respublika hududida amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, “O‘zneftgazinspeksiya” nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari sifatining nazorati va tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2021-yilning o‘tgan davrida faoliyat ko‘rsatayotgan 1286 ta xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda neft mahsulotlarini savdosi bilan shug‘ullanadigan 61 ta yirik korxonalar nazorat qilib kelinmoqda.

“Mazkur davr mobaynida 1608 ta holatda (22 668 tonna) neft mahsulotlaridan namunalar olinib, sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinganida 94 ta holatda (745 tonna) neft mahsulotlari sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, import asosida olib kelingan 44 855 tonna neft mahsulotlaridan namunalar olinib laboratoriya sharoitida sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinganida, mahsulotlar sifatli deb topilib tegishli xulosalar berilgan”, — deya qayd etiladi xabarda.

Qayd etilishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 5-6 ta AYoQShdan xarid qilib olingan avtobenzin yoqilg‘isi sifat ko‘rsatkichi belgilangan me’yor talablariga muvofiq emasligi, butun respublikadagi avtobenzin yoqilg‘ilarini sifatsiz ekanligidan dalolat bermaydi va bu bilan umumiy xulosa qilish noto‘g‘ri.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” AYoQShlarda sotilayotgan sifatsiz benzin xorijda ishlab chiqarilganini ma’lum qilgandi. Shoxobchalarda sotilayotgan import avtobenzin va dizel yoqilg‘isi sifat ko‘rsatkichlari amaldagi me’yoriy hujjatlar bilan belgilab berilgan ko‘rsatkichlardan farq qilinishi, ya’ni sifat ko‘rsatkichlari talabga javob bermasligi aniqlangan edi.