O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyatida o‘zgarishlar yuz berdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” vazirlik matbuot xizmatiga tayanib.

Shahlo Turdiqulova.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Ma’lum bo‘lishicha, shu vaqtgacha innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shahloxon Turdiqulovaning lavozimidan “birinchi” qo‘shimchasi olib tashlangan va u vazir o‘rinbosari etib tayinlangan. Ma’lumot uchun, Turdiqulova xonim 2020-yil oktabridan beri innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

Olimjon To‘ychiyev.

Foto: “Gazeta.uz”

Ayni vaqtda vazir o‘rinbosarlaridan biri Olimjon To‘ychiyev lavozimidan ozod etilgan. 30 yoshli To‘ychiyev 2019-yil noyabridan beri innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borayotgan edi. U endi qaysi lavozimda ishlashi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Ma’lumot uchun, Prezident qaroriga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi markaziy apparatining tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritilib, 5 nafar vazir o‘rinbosari lavozimlaridan faqat 1 nafar vazir o‘rinbosari lavozimi qoldirilgan edi.