Ijtimoiy tarmoqda “Ishdan quritvoraman... formangni yech, yediraman...” sarlavhasi ostidagi videolavha tarqaldi. Voqea yuzasidan YHXBB ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat 2020-yilda Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2020-yil 17-sentabr kuni soat 09:30 larda Oqoltin tumani IIB YHXB xodimlari A.Mahmudov va A.Mamatov tuman hududidan o‘tuvchi 4R-35 avtomobil yo‘lining 95-kilometrida xizmat olib borayotgan vaqtda A.Mahmudov tomonidan Damas rusumli avtomobil haydovchisiga to‘xtash ishorasi berilgan. Haydovchi ishoraga bo‘ysunmasdan harakatda davom etgan.

YHXB xodimlari haydovchini Nexia-2 rusumli avtomobilda kuzatib borgan. Haydovchi to‘xtagan vaqtda uning yoniga borib, bo‘ysunmay harakatlanish sababi va me’yoriy hujjatlarini taqdim qilishi so‘ralganda, o‘zaro tortishuv va nizoli vaziyat yuzaga kela boshlagan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) tartibida bayonnoma tuzilib, ushbu kodeksning 291-moddasi (transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibi) tartibida avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

To‘plangan hujjatlar 2020-yil 22-sentabr kuni Guliston shahar ma’muriy sudi tomonidan o‘rganilib, haydovchi A.T.ga nisbatan BHMning bir baravari miqdorida jarima jazosi belgilangan.

Bundan avval Chinozda inspektorning xonasiga ruxsatsiz kirib, u yerdan Facebook’ka to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqqan fuqaro 10 sutkaga qamalgani, Toshkent viloyatida YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan Malibu haydovchisi 5 sutkaga, Damas haydovchisi esa 10 sutkaga qamalgani hamda Jizzaxda qoidani buzgan haydovchini so‘kkan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgandi.