O‘zbekistonga 27-aprel kuni koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 o‘zbek-xitoy vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda. Bir oy avval xuddi shu vaksinaning 1 million dozalik birinchi partiyasi O‘zbekistonga yetib kelgan edi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Oldinroq, 27-aprel kuni O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining 50 ming doza ikkinchi komponenti olib kelingani haqida xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, “AstraZeneca vaksinasining ham yangi patriyasini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda”.

26-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 565 mingdan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi emlangan. SSV ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 46 foizi (263 mingdan ortig‘i) aynan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlangan. Jumladan, 65 va undan katta yoshdagi emlanuvchilarning 148 mingdan ortig‘i, tibbiyot xodimlarining 114 mingdan ziyodi aynan shu vaksinani olgan.

“Kecha, 26-aprel kuni ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlangan fuqarolar soni 14 522 nafarni tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko‘rsatkichi 68 foizga yetgani ham e’tiborga loyiq”, — deyiladi SSV axborotida.