Falcon 9 og‘ir eltuvchi raketasi 29-aprel, payshanba kuni Yerga yaqin past orbitaga 60 ta kichik sun’iy yo‘ldoshdan iborat navbatdagi partiyani olib chiqdi, ular Starlink tizimi internet-qoplamasi global tarmog‘ini yaratishni davom ettirishga mo‘ljallangan, deb yozadi “Interfaks”.

“Starlink sun’iy yo‘ldoshlarining orbitaga chiqarilgani tasdiqlandi”, — deyiladi SpaceX kompaniyasi xabarida.

Parvoz Toshkent vaqti bilan 29-aprel kuni 08:44 da Florida shtatidagi Kennedi kosmik markazi start majmuasidan amalga oshirildi. Taxminan 1 soat-u 5 daqiqadan keyin sun’iy yo‘ldoshlar belgilangan orbitaga chiqarildi.

SpaceX eltuvchi raketasining birinchi ko‘p martali pog‘onasi (u yettinchi marta parvoz uchun qo‘llanilmoqda) startdan keyin 8 daqiqa-yu 37 soniya o‘tib, Atlantika okeanidagi Just Read the Instructions avtomatik suzuvchi platformaga vertikal qo‘nishni amalga oshirdi.

Bu Starlink loyihasi doirasida 2019-yil mayidan buyon internet sun’iy yo‘ldoshlari guruhining 25-marta orbitaga olib chiqilishidir. Oxirgi sun’iy yo‘ldoshlarni hisobga olganda, SpaceX orbital guruhi 1503 ta kosmik qurilmaga ega bo‘ldi. Kompaniya dunyodagi eng yirik sun’iy yo‘ldosh operatori hisoblanadi. Bundan avvalgi 60 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshi 7-aprelda uchirilgan edi.

SpaceX kelajakda Yer aholisini sayyoraning istalgan nuqtasida keng polosali internet bilan ta’minlash imkonini beruvchi to‘liq ko‘lamli tarmoq yaratish uchun 12 mingta (keyinchalik 30 mingta) kosmik qurilmadan iborat orbital guruhni shakllantirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya avvalroq sun’iy yo‘ldoshlar 2020-yildayoq Shimoliy Amerikaning butun hududi internet bilan ta’minlanishini, 2021-yilga kelib esa, deyarli butun sayyora qamrab olinishini ma’lum qilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun kiritilgan investitsiyalarning umumiy qiymati 10 milliard dollarga baholanmoqda.