Xitoy hukumati “Chanchjen-5” og‘ir tashuvchi-raketasi yordamida o‘zining milliy kosmik stansiyasining asosiy modulini orbitaga chiqardi. Ushbu kosmik stansiyani 2022-yilda qurish rejalashtirilgan, deb yozmoqda Associated Press.

Foto: “Gazeta.ru”

“Tyanxe” bazaviy moduli (“Osmon garmoniyasi”) raketasi Xaynan provinsiyasidagi Venchan kosmodromidan 29-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:23 da (Toshkent vaqti bilan soat 08:23 da) uchirildi. Taxminan, sakkiz daqiqa o‘tib modul belgilangan orbitaga chiqdi.

Xitoy kosmik stansiyasining bazaviy moduli kelajakda kosmonavtlar olti oygacha yashashi mumkin bo‘lgan kosmik stansiyaning bir qismi hisoblanadi. Stansiyaning qolgan qismlarini o‘rnatish uchun yana 10 ta mana shunday parvoz talab etiladi. Orbitaga ikkita laboratoriya moduli, to‘rtta yuk tashuvchi va taykonavtlar bilan boshqariladigan to‘rtta kema yuboriladi. Uchuvchisiz bo‘lgan birinchi parvozni iyun oyida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Agar missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, Xitoy kosmik stansiyasi Xalqaro kosmik stansiya va “Tinchlik” stansiyasidan keyin dunyodagi uchinchi ko‘p modulli stansiyaga aylanadi.

Avvalroq Xitoyning Chjeszyan sharqiy provinsiyasidagi Syanshan uyezdida beshinchi kosmodrom qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.