Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida O‘zbekistonda nima sababdan shahar va yog‘ narxi oshib ketganiga izoh berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, shakar va o‘simlik yog‘i narxining o‘sishi jahon bozori konyunkturasi, ya’ni o‘tlarda shakllanadigan narxlar bilan bog‘liq. O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ining asosiy qismi import qilinadi. Bu yil dunyo miqyosida 9,1 foiz miqdorda (50 million tonna yig‘ilgan) moyli mahsulotlar hosili kam bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonga asosiy eksportyor bo‘lgan Rossiya davlatida ham hosil o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga kam bo‘lgan.

Mahsulotlar tannarxi oshgan bo‘lsa-da, ushbu mahsulotlar tanqisligi kuzatilmayapti. Ichki bozorda mahsulot yetarli darajada mavjud.

E’tiborli jihati, mamlakatda nafaqat o‘simlik yog‘ining narxi oshib ketdi, balki respublikada ishlab chiqariladigan paxta chigitlari va shunga mos ravishda paxta yog‘i ham qimmatlashgan.

“Qo‘mita mutasaddi organlari bilan birgalikda paxta yog‘i ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo — chigitlar narxining oshishi borasida kompleks o‘rganishni boshlab yubordi. O‘rganishlar tez kunda yakunlanadi. Bu bo‘yicha zarur hollarda ma’lumot beriladi”, — deydi Ummatov.

Qo‘mita raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, shakar narxi borasidagi vaziyat nisbatan barqaror: import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilar yaxshi zaxira shakllantirgan. Hozirgi narxlarning o‘zgarishi mavsumiy konservatsiya bilan izohlanmoqda.

“Ushbu davrda shahar narxini barqaror ushlab turish choralarini ko‘rdik. May oyida birjaga qo‘shimga 10 ming tonna chiqariladi, bu oylik normadan 30 foizga ko‘p demak. Shu sababli mazkur mahsulot narxi keskin o‘zgaradi deb o‘ylamayman”, — deya qayd etadi Bekzod Ummatov.

Avvalroq Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Price Warnings loyihasi doirasida Toshkent bozorlaridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o‘rganib, boshqa mamlakatlar poytaxtlaridagi narxlar bilan solishtirgandi. O‘rganishlar natijasida Toshkentda ayrim mahsulotlar Yevropa poytaxtlaridan ham qimmatroq ekani aniqlangan.