Uchtom qishlog‘i. Uch nafar milliy gvardiyachi yigit xuddi shu yerda — qishloqni bosib kelgan po‘rtanada oqib ketgan. Uch xil taqdir yo‘liga duch kelgan ular: borsa — kelmas, borsa — kelishi gumon, borsa — kelar...

2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborining mudhish halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan Milliy gvardiyaning uch yigiti taqdiri ertaklardan nusxa olgandek go‘yo. Lekin bu ertak emas: Husniddin Suyarov — qahramonlarcha halok bo‘ldi; Hazrat Suyunov — suvda oqqanicha g‘oyib bo‘ldi, jasadi ham topilmadi, tirigi ham; Sanjar Ibragimov — o‘lim bilan olishib omon qoldi.

Borsa kelmas yo‘lning oxiri qabr ekan

Shahrizoda dadasi bir kuni qaytib kelishiga ishonadi. Unga shunday deb aytishgan. Aslida 5 yoshli qizaloqqa halok bo‘lgan dadasi haqida savol berish ahmoqlik, shafqatsizlik. Lekin ayolga “Kichkinangiz sizga o‘xsharkan” deganda “Men esa dadamga o‘xshayman” deya gapga qo‘shilishi kutilmagan hol bo‘ldi; mavzuni burib yuboramiz.

Nozima bilan Husniddin bor-yo‘g‘i besh yil birga yashadi. Husniddin to‘ydan avval harbiylarning hayoti oson emasligi haqida aytganini Nozima yaxshi eslaydi. Boyovutdagi ikki haftalik kelinlik xizmatidan so‘ng yoshlar Andijonga yo‘l olgan — o‘shanda Husniddinning ishi Andijonda edi. Keyin qizaloq dunyoga kelgan.

Husniddin Suyarovning oila a’zolari bilan birga tushgan surati.

Foto: Suyarovlar oilasi arxividan.

— Ishlari qiyin edi, har doim ham uyda bo‘lolmas edi. 10-15 kunlab poligonlarga chiqib ketadigan vaziyatlar bo‘lardi. Har doim to‘lib-toshib kelar, hech quruq kelmasdi. Katta qizim har doim yugurib oldiga chiqardi, “dadajon” deb yelkasiga osilardi. “Qizim bo‘ynimga osilib, ‘dadajon’ deganda hamma charchoqlarim chiqib ketadi”, deb xursand bo‘lardi, — sokin gapiradi Nozima.

2020-yilning boshi oila uchun quvonchli kelgan — vodiydan qaytib, Guliston markazidagi harbiylar uchun qurilgan yangi uyga ko‘chib o‘tishgan, ikkinchi qizaloqlari dunyoga kelgan. Unga Husniddinning o‘zi Shukrona deya ism qo‘ygan, ammo qizchasini to‘yib bag‘riga ham bosolmagan. Yigit olamdan o‘tganida chaqaloqning endi chillasi chiqqan edi... Husniddin 30-aprel kuni navbatchilikka chiqib ketganicha uyga qaytmagan.

Husniddin Suyarov.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Husniddinning Milliy gvardiyadagi safdoshlari 1-may voqealarini yaxshi eslaydi. Sardoba suv omborining to‘g‘oni yorilgani haqidagi xabar harbiy qismga soat 6:00 arafasida kelib tushgan. Gvardiyachilar Uchtomga yo‘naltirilgan. Ularning vazifasi aholini xonadonlardan chiqarish, ichkarida biror jon qolishiga yo‘l qo‘ymaslik edi.

1-darajali serjant, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyat boshqarmasi harbiy qism guruh mutaxassisi Asror Palvayazovning aytishicha, aholi qishloqdan chiqarilgach, suv tez ko‘tarilgan.

Asror Palvayazov.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

— O‘zimiz suvda qolib ketdik. Oqayotgan safdoshlarimizning oldiga borishga imkon bo‘lmadi. Uch yigitimiz daraxtga osilib turgandi. Tepasidan 1,5-2 metrlik qismi ko‘rinib turgan daraxtni suv bir necha daqiqa ichida ko‘mib qo‘ydi. Shundan keyin ular uyning tomiga chiqishdi. Suv birdan ko‘tarilib, yigitlarimizni oqizib ketdi. To‘lqin ichida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi, — deydi ularni o‘zi suv ostiga qolayotib kuzatib turgan va yordam berish imkoni bo‘lmagan Asror.

Husniddinning jasadi oradan uch kun o‘tib, 3-mayda u yordamga borgan Uchtom qishlog‘idan 5 kilometr uzoqlikdagi paxta dalasidan topilgan... Erkak yig‘lamasin ekan — otasi Zokir aka unga mash’um xabar yetkazilgan kunni ko‘z yoshisiz gapirolmaydi.

— Yoshligidan xushchaqchaq bola edi. Harbiy tizimga qiziqardi. Shu tizimga ishga kirdi. Andijonda 10 yildan ortiq ishladi. Qo‘qonda ishladi. Serjantlik o‘qishlarini bitirib, o‘zimizning Sirdaryo viloyatiga kelganiga endi uch oydan oshgandi. Xalqimizga, yurtimizga xizmat qilib ketdi. Qasamyodiga sodiq qoldi, — deydi u.

Husniddin Suyarovning otasi Zokir aka va onasi Zulfiya opa.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Husniddinning farzandlari ulg‘ayayotgan uyda ham, qishlog‘idagi ota uyida ham suratlari kattalashtirgan holda ko‘zga tashlanadigan joylarga ilib qo‘yilgan. Harbiy formasi ham ilgakda, dazmollangan, xuddi hozir kiyib, ishga chiqib ketadigandek. Husniddinning onasi Zulfiya opa bolasi 10 yil uzoqda ishlab, endi oldilariga kelganda qanchalar quvonganini eslaydi.

— Hali diydoriga ham to‘yganim yo‘q edi. Ikkita go‘dak qizi qoldi, dadalab. Qancha umidlari bor edi. Ona, endi yaqiningizga kelib qoldim, o‘rtoqlarim bilan o‘tirishlarga boraman, to‘y-ma’rakalarga aralashaman endi, deb quvonch bilan gapirgandi o‘g‘lim, — deb yig‘lab-yig‘lab gapiradi ona.

Umr yo‘ldoshining vafotidan so‘ng qattiq tushkunlikka tushgan Nozima farzandlari uchun o‘zini qo‘lga olgan.

Husniddin Suyarovning bevasi — Nozimaxon va qizlari.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

— Harbiy xizmatchini hech qachon tashlab qo‘yishmas ekan... Moddiy tomondan qancha yordam kerak bo‘lsa, hammasi ishxonalari tomondan berilyapti. Milliy gvardiyaga, prezidentga rahmat aytaman. Har doim, har vaqt ko‘maklashib turishibdi, — deya minnatdorlik bildiradi ayol.

Husniddin Suyarov o‘limidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlandi, u tug‘ilib ulg‘aygan “Anorzor” mahallasidagi ko‘chalarning biriga Husniddin Suyarov nomi berilgan. Uning nomi o‘zi o‘qigan maktabga qo‘yilishi, maktab oldiga byusti o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ma’lum qilishlaricha, Husniddinning o‘limidan keyin uning ikki ukasi Milliy gvardiya safida ish boshlagan.

“Qabri yo‘q o‘g‘longa tutdilar aza”

Nurota tumanidagi Chashma qishlog‘i haqida eshitmaganlar kam bo‘lsa kerak. Tog‘ tizmalari aro yastanib yotgan yam-yashil maydonlar, musaffo havo, boy tarixga ega “Chashma” tarixiy-me’moriy buloq hovuzi — hammasi bir-birini to‘ldirayotgandek. Hazratning bolaligi shu Chashmada kechgan. Dastlab tumandagi 10-maktabda bo‘ldik — Hazrat xuddi shu yerda savod chiqargan.

Maktab direktori Muborak Bafoyeva aynan Hazrat Suyunov o‘quvchilik vaqtida o‘tirgan partada o‘tirib, o‘quvchisini xotirlaydi.

Hazrat Suyunov.

Foto: “Daryo”

— Hazrat maktabimiz faxri edi. U barcha fanlarni a’lo o‘zlashtirishi barobarida jismoniy tarbiya va sportda ham yaxshigina natijalarga erishgan. O‘zi bolaligidan pedagog bo‘lishni orzu qilgan, biroq onasi doimo o‘g‘lining harbiy bo‘lishini, harbiy forma kiyishini juda-juda istagan. Shu tufayli Hazrat harbiy sohaga shu qadar qiziqdiki, sport uning hayotining bir bo‘lagiga aylandi. Yoshligidan chiniqdi, toblandi. Tog‘da o‘sgan bola-da, har kuni ikki yelkasiga qum to‘ldirilgan ikkita xaltani ortgan holda 25-30 metrcha balandlikka yugurib chiqar va yana o‘sha yuk bilan bir maromda pastga tushardi, — deydi direktor xonim.

Muborak Bafoyevaning aytishicha, Hazrat Suyunov 2017-yili Navoiy davlat pedagogika institutining Geografiyani o‘qitish metodikasi fakultetini tamomlab kelgach, direktor uni maktabga ishga taklif qilgan. Ammo u hali ham harbiy bo‘lish ishtiyoqida ekanini bildirgan. Shundan so‘ng Hazrat Suyunovning ishga joylashishi uchun Ichki ishlar, Qurolli kuchlar hamda Milliy gvardiya bo‘yicha hujjatlar tayyorlashgan.

Muborak Bafoyeva.

Foto: “Daryo”

— Onasini erta yo‘qotgani uchunmi, mehrga tashna edi. Hazratjon bilan xuddi ona-boladek soatlab suhbatlashardik. U qaysi yo‘nalishda bo‘lsa ham Vatanga xizmat qilishim kerak derdi. Mening unga tan berganim, Hazrat uchala harbiy yo‘nalishda ham topshirgan hujjatlari ishga qabul tariqasida tasdiqlandi. Avvaliga ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilingani bo‘yicha xabar keldi. Ayni bir vaqtda Milliy gvardiya tizimida ham ishga qabul bo‘yicha hujjatlari tasdiqlangani ayon bo‘ldi. Hazrat quvonch bilan Milliy gvardiyani tanlagandi.

Umuman olganda, Hazratning hayoti har yigit havas qilsa arzigulik edi — istagan ishiga erishdi, uylandi, farzandli bo‘ldi. Baxtli edi, ammo Sardoba suv omboridagi texnogen ofat hammasini chilparchin qildi.

Hazratning otasi Karomat aka ham yuqorida tilga olingan maktabda o‘qituvchi. O‘sha og‘ir kunlarda butun maktab jamoasi u bilan birga, dardkash bo‘ldi, yigitning topilishiga umid bildirib, duolar qildi. Bugun otaning hasratlaridan tog‘lar qulagudek.

Hazrat Suyunovning otasi Karomat Shirinov va o‘g‘li Shavkatjon.

Foto: “Daryo”

— O‘g‘lim katta bo‘lganida ham bo‘ynimga osilib, quchoqlab olardi. U bilan gaplashsam, umrimning kemtik qismi to‘lgandek bo‘lardi. Endi istagan paytim o‘g‘lim bilan gaplasha olmasligimni, uni bag‘rimga bosa olmasligimni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Allohdan o‘zimga sabr so‘rayman. O‘z ishiga puxta va hamisha intiluvchan o‘g‘lim ortidan bolaligidan rahmatlar eshitganman. She’riyatga ham juda ishtiyoqi baland edi. Komandirlari ham o‘g‘limni ismi bilanmas, “shoir” deb chaqirishar ekan. Har kuni holimni so‘rab, qo‘ng‘iroqlashib turadigan o‘g‘lim bilan o‘tgan yil, 30-apreldagi suhbat oxirgisi bo‘ldi. U o‘sha kun navbatchilikda qolishini aytgandi, — deydi ota.

Ertasiga esa ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarning bosh mavzusiga aylangan Sardoba toshqin otaning ko‘ngliga g‘ashlik solgan. O‘g‘lidan darak bo‘lmagan, u otasiga qo‘ng‘iroq qilmagan. Kechki payt kelini Shohista qo‘ng‘iroq qilgan — erining ishxonasidan birov kelib, uning navbatchilikda ekani, bu oqshom uyga kelolmasligini aytib ketgan.

— Ijtimoiy tarmoqlar Sardobadagi holat bo‘yicha xabarlarda suv toshqinida bir necha milliy gvardiyachi oqib ketgani, ular orasida bedarak yo‘qolgani ham borligi haqida bong uryapti. Shunda ko‘nglimdan “Hazrat o‘g‘lim ham baribir borgan, ammo u chaqqon, toshqindan qutulib chiqadi, albatta”, degan o‘y o‘tdi. Shu payt mahalladan telefon bo‘lib, meni notanish odamlar so‘rab kelganini, uyga qaytishim kerakligini aytishdi. Kelsam, eshik oldida Milliy gvardiya boshlig‘i, tuman hokimi, ichki ishlar va boshqa organ vakillari, — og‘ir xo‘rsinadi ota.

Ota o‘g‘lining toshqin vaqti yo‘qolgani haqida birinchi marta shu yerda eshitgan. Ertasiga Sirdaryoga yo‘l olgan. U bilan birga qariyb 20 nafar chashmalik Hazratni qidirish uchun yo‘lga chiqqan. Hazratni uning yuzlab, minglab safdoshlari izlaganiga ota va uning hamrohlari ham guvoh bo‘lgan. Kecha-kunduz, haftalab, oylab, hatto Qozog‘istonda ham izlashdi Hazratni... “Afsus, hech yo‘g‘i jasadi ham topilmadi”, — deya og‘ir xayolga cho‘madi Karomat aka.

Ota o‘g‘lining safdoshlari so‘zlab bergan xotiralarga tayanib hikoya qilishicha, Hazrat bilan birga suvda uch nafar milliy gvardiyachi oqib ketgan, ular suvda oqib yurgan uy tomidan panoh topmoqchi bo‘lgan, keyin qandaydir daraxt shoxlarini ushlab turishgan.

— Suv katta tezlikda oqqan, ustiga-ustak, muzdek bo‘lgan. O‘g‘limning qo‘llari toliqqanmi, daraxtni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgan va 20 metrcha nariga suzib ketgan. Safdoshining aytishicha, u shu holatda, chamasi, uch metrdan ham baland bo‘lgan beton lotokka tirmashib chiqishga uringan. Biroq lotokning sirpanchiqligi tufayli uni ushlashning imkonini qilolmagan. Shu paytda kutilmaganda yana ham katta tezlikda kelgan to‘lqin o‘g‘limni surib, olib ketgan. Shu bilan o‘g‘limni qaytib ko‘rishmagan. O‘g‘limni qidirish uchun O‘zbekistonning barcha hududlaridan milliy gvardiyachilar jalb etildi. Izlashdi, ammo topilmadi, — deydi Karomat Shirinov.

Hazrat Suyunovning turmush o‘rtog‘i Shohista Beknazarova esa hali ham erining tirikligiga va bir kuni uyga kirib kelishiga umid qilmoqda. “Axir bir begunoh odam qanday qilib yo‘q bo‘lib qoladi?”, deydi u.

Shohista Beknazarova.

Foto: “Daryo”

— Ikki yil yashagan bo‘lsak, doim biz baxtli bo‘lamiz, men seni hech qachon tashlab ketmayman, seni hammadan baxtli qilaman, derdi Oxirgi marta 30-aprelda kechqurun telefon qilib, “Shohista, boryapman” dedi. Shirinlik pishirgandim, “Olib chiq” dedi. Biroz yedi. “Yur, meni pastgacha kuzatib qo‘y, o‘g‘lim qani?” deya so‘radi. O‘g‘limiz uxlayotganini aytdim, o‘zim esa uni kuzatdim. Hazrat akam yo‘lda ketayotib ham men bilan telefonda uzoq gaplashdi. “Yana telefon qilaman!” dedi. Bu Hazrat akamning oxirgi qo‘ng‘irog‘i va menga aytgan oxirgi gapi edi. Bir kun kelib qolar, — deydi ko‘z yoshlari yuzlarini yuvayotgan kelin.

Milliy gvardiya Navoiy viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Temur Nurmamatovning so‘zlariga ko‘ra, Hazrat Suyunov xizmatda har doim jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarliklarda peshqadam bo‘lgan, ketma-ket yutuqlarga erishgan. Bedarak yo‘qolganidan so‘ng, 2020-yil dekabr oyida, prezident farmoniga asosan, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

— Qurolli kuchlar jangovar qudratiga qo‘shgan hissasi uchun Hazrat Suyunovning rafiqasi Shohista Beknazarovani tizimda ish bilan ta’minlash imkoni izlanyapti. Shuningdek, farzandi kelajagi uchun uni uy-joy bilan ta’minlash harakatlari ham boshlanyapti. Qahramonning oilasi, farzandi va yaqinlari holidan doimiy ravishda xabar olinmoqda, — deya qo‘shimcha qildi Temur Nurmamatov.

Aytishlaricha, joriy o‘quv yilida Hazrat Suyunov tahsil olgan maktab to‘liq rekonstruksiya qilinadi hamda maktabga qahramon nomi beriladi. Uning xotirasini abadiylashtirish uchun yana boshqa bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

Tirik qolish dardi

Sanjar — ajal bilan yuzlashgan uch yigitning omon qolgani. U endi o‘zi bilan og‘ir yukni, og‘ir dardni olib yuradi. U komandir edi. Ko‘z oldida, to‘lqin ichida yo‘qolgan yigitlar uning shogirdlari edi...

“Ba’zida o‘ylab qolaman — men ham shular bilan birga ketishim kerakmidi...”, — deb g‘amga botadi u.

Sanjar Ibragimov asli samarqandlik, hozirda oilasi bilan Samarqandda yashaydi, harbiy qism jangovar ta’minot otryadi komandiri. O‘shanda onasi: “Ishing shunaqa bo‘lsa, yig‘ishtir buni!”, degan. Ona-da! Lekin Sanjar yig‘ishtirmadi.

Sanjar Ibragimov farzandlari bilan birga.

Foto: “Daryo” / Muhammadsaid Abduqahhorov

Ammo xotiralar uni hamon qiynaydi. Uchtom qishlog‘iga kirib borgandagi lahzalar kechagidek yodida. Suv tizzagacha ko‘tarilgan bir mahal ular guruhlarga bo‘linib ish boshlagan.

— Asosiy vazifamiz aholini xavfsiz joyga ko‘chirish edi. Odamlar sarosimada edi. Uydan chiqmoqchi, lekin na chiqishni, na qolishni biladi. Ularga birma-bir tushuntirib, texnikalarga mindirib, evakuatsiya qildik. Keksalar va nogironlarni mashinalargacha o‘zimiz ko‘tarib chiqarardik, — deb eslaydi Sanjar.

Uning aytishicha, u suv juda ko‘tarilib ketishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan: “Taxminan, bir soatlardan keyin suv bo‘y baravar bo‘lib qoldi. Uch kishi bo‘lib oxirgi xonadonni tekshirib bo‘ldik — hech kim qolmagan. Shu vaqt suv birdaniga ko‘tarilib ketdi”.

Sanjar va boshqa guruhdagi yigitlarning aytishicha, aholini evakuatsiya qilib bo‘lganlari hamon vaziyat keskinlashib ketgan. Aslida ular olti kishi bo‘lgan. Guruhdagi uch kishini vertolyot olib ketgan. Qolgan uchovlon esa vertolyotga qarab suza boshlagan.

— Birinchi Hazrat ketdi. U suv oqimiga tushib qoldi. Men uni qutqarishga intilib, to‘sin bilan daraxtni uchiga olib keldim. Daraxtni ustiga chiqqanimizdan keyin orqamdan Husniddin keldi. Uni ham tortib olib, daraxtni uchiga chiqarib oldim. Uchalamiz 5-10 daqiqa daraxt uchida turdik.

Sanjarning so‘zlariga ko‘ra, suv oxiri daraxtni ham ko‘mgan. Keyin ular suv oqimiga tushib, suvda oqib kelayotgan tom ustiga chiqib olishgan. Safdoshlari bilan o‘tgan so‘nggi lahzalar Sanjarning ko‘z oldida muhrlanib qolgan: Husniddin sokinroq, Hazrat esa biroz tushkunlikka tushgan.

— Yoshligi sababmi yo ko‘ngli sezdimi, Hazrat tushkun edi. Farzandi endi tug‘ilgan, olti oylik edi, shekilli. Qo‘lidan ushlab: “Hazrat, hammasi yaxshi bo‘ladi, o‘zingni tinchlantir, chuqur-chuqur nafas ol” deb tinchlantirishga harakat qildim. O‘shanda aytgan gapi esimdan chiqmaydi, menga qarab: “O‘rtoq kapitan, meni qo‘yvormang”, dedi. “Seni ushlab turibman”, dedim... Xizmatga kelganiga hali bir yil bo‘lmagandi. Lekin mard, jasur yigit edi,.. — xotiralari jonlanadi Sanjarning.

Toshqin buzib ketgan uy tomi, to‘lqinlar ichida qalqib borayotgan tom ham ularga madad bo‘la olmagan. Navbatdagi zarbli to‘lqin qo‘llarni ham ayirdi, yo‘llarni ham...

Shundan keyin Sanjar qariyb uch soat bir qo‘li bilan tasodifan yo‘liqqan po‘kakka osilgancha, ikkinchi qo‘li bilan suzib, qayoqqadir chiqib qolgan. Kimlarningdir telefonini so‘rab, rahbariyatga axborot bergan. Va... yana qutqaruv ishini davom ettirgan.

“O‘sha falokatdan yuragimda bir chandiq qoldi”, deydi u. Boshqa qutqaruv guruhlaridagi guvohlarning hikoyalari, videotasvirlar, qolaversa, Sanjarning o‘z xotiralari uning o‘zi ham halok bo‘lishiga bir baxya qolganiga ishora qiladi. Lekin yigit doimo iztirobni his etadi.

“O‘shanda nima qilsam ularning hayotini saqlab qolgan bo‘lardim? Nima xato qildim o‘sha yerda? Nimaga shunaqa bo‘ldi? Shu savollar tinch qo‘ymaydi. Farzand, ota sifatida tirik qolganim yaxshi bo‘lgandir, lekin safdosh sifatida... qiyin, qiyin bu narsani tushuntirish... Agar birortasi ularga qurol tirab turganida, ularni qutqarish uchun qalqon bo‘lib turib berardim. Lekin bu tabiiy ofat edi”, — deya battar eziladi u.

Sanjar Ibragimov.

Foto: “Daryo” / Muhammadsaid Abduqahhorov

Husniddin Suyarov sirdaryolik gvardiyachilar safiga yaqinda qo‘shilgan bo‘lsa-da, Sanjar Ibragimovning aytishicha, jamoada o‘z o‘rnini topib ulgurgandi. Hazrat Suyunov bilan esa yaqin do‘st bo‘lishgan, umumiy jihatlari ko‘p, masalan, ikkisi ham birin-ketin tug‘ilgan o‘g‘illariga Shavkat deb ism qo‘ygan. Hazratning bir kun topilishiga Sanjar ham umid qiladi. Hatto bir kuni tush ham ko‘ribdi: Hazrat kostyum-shimda, daraxt soyasida o‘tirgan emish, Sanjar uning yoniga borib “seni izlab yuribmiz” dermish.

Samarqandda Sanjar haqida faqat yaxshi gaplar yuradi. Uning o‘y-xayollaridan boxabar insonlar barcha savollariga bitta so‘z bilan “Taqdir!” degan so‘z bilan javob beradi... Sanjar Ibragimov “Mardlik” ordeni bilan taqdirlangan — uning hayot yo‘li bunday e’zozga arziydi.

“Unutishga haqqimiz yo‘q”

Xalq deputatlari Sardoba tuman kengashi deputati Xadicha Bo‘riboyeva Uchtom qishlog‘i faollaridan. O‘tgan yili 1-may kuni unga ham birinchilardan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Xadicha Bo‘riboyeva.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

— 800 dan ortiq aholini qanday chiqaramiz deb o‘ylab turgan paytimiz Milliy gvardiya yetib keldi. Ichkariga yugurib kirib, aholini ogohlantirish, ularni olib chiqishda katta yordam berdi. Yigitlar traktor bormi, tirkama bormi, eshak-arava bormi, yengil mashina bormi, hamma ulovga aholini chiqarib, joylashtiraverdi. Suv tom bo‘yi, tomni ham yopgan pallada bir yigitimiz tomda qolib ketdi. Milliy gvardiya yigitlari uni qutqardi. Ana shu yigitlarning harakati bilan aholi o‘rtasida talafot bo‘lmadi, — deydi Bo‘riboyeva xonim.

Deputat ularning qishloqlarida milliy gvardiyachi yigitlardan birining halok bo‘lgani, boshqasi daraksiz yo‘qolganidan afsusda ekanligini aytadi. “Qishloqdoshlarim Husniddin va Hazrat jasoratini hech qachon unutmaydi”, — deydi u.

Uchtom qishlog‘i.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Safarimiz chog‘i “Uchtom” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi oldida qahramon yigitlar xotirasini abadiylashtirish uchun yodgorlik poydevori quyilayotganiga guvoh bo‘ldik. Uchala qahramonni ham yaxshi bilgan, ular bilan bir safda xizmat qilgan podpolkovnik Mathiddin Rahimov ushbu yodgorlikni o‘rnatish tashabbuskorlaridan biri.

— Aholini chiqarib bo‘lgandan keyin suv birdaniga ko‘payib ketdi. Afsuski, Husniddin Suyarov va Hazrat Suyunovni o‘sha kuni yo‘qotdik. Husniddinning qabri bor, janoza o‘qildi, qabrga qo‘ydik birga; Hazratning esa qabri yo‘q, tirigi ham, o‘ligi ham topilmadi. Uni halok bo‘ldi deb ishonish ham qiyin. Mana shu ikki yigitning xotirasiga monument qo‘yishga kirishdik. To‘g‘ri, bu bilan biz ota-onalariga ularning tirigini topib berolmaymiz, — deydi Mathiddin iztirob bilan.

Mathiddin Rahimov.

Foto: “Daryo” / Shahboz Ozodov

Mathiddin ham, formani vaqtincha yechib qo‘yib bel bilan sement qorayotgan boshqa gvardiyachilar ham ikki safdoshlari yodini unutmasliklarini ta’kidlashdi. Yillar o‘tar. Qachonlardir, keksayganda, Madhiddinlar, Sanjarlar, Asrorlar-u Faxriddinlar, Muzaffarlar qahramon safdoshlari haqidagi voqealarni nabiralariga so‘zlab berishar. Suvda oqqan qahramon yigitlar kechmishi kelajak avlodlarga ertak bo‘lib tuyulsa ajab emas.

Mualliflar: Mustahkam Tangriyorova, Musulmonbek Ibrohimov, Laylo Hayitova

Operatorlar: Shahboz Ozodov, Muhammadsaid Abduqahhorov, Obidjon Ahmedov

Montaj ustalari: Shahboz Ozodov, Muhammadsaid Abduqahhorov

Videokontent muharriri: Dilshod Sharipov

Suhbatlarni matnga ko‘chirdi: Mirolim Isajonov

Muharrir: Asror Abdunazarov