Koronavirusga qarshi emlash ham xuddi gripp virusiga qarshi emlash kabi har yili o‘tkazilishi mumkin.  Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayeva ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sevara Ubaydullayevaning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalishini nazorat qilish uchun aholining 70-80 foizini vaksinatsiya qilish talab etiladi.

Biroq O‘zbekistonda hozircha bolalar va homilador ayollarga vaksina qilinmayapti. Ayni paytda dunyo olimlari bolalar va homilador ayollar uchun maxsus vaksina ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. Shu bois vaksinatsiya jarayoni keyingi yillarda ham davom ettirilishi mumkin.

“Bunda yana bir jihatga to‘xtalib o‘tish lozim. Vaksinadan keyin hosil bo‘ladigan immunitet qancha muddatga saqlanishini hali dunyo olimlari to‘liq aniqlagani yo‘q. Agarda bu holatda infeksiyaga qarshi antitanalar uzoq muddat saqlanmasa, ushbu vaksina bilan ham xuddi gripp virusiga qarshi emlanganimiz kabi har yili emlanish talab etilishi mumkin”, – deydi Sevara Ubaydullayeva.

Eslatib o‘tamiz, 1-maydan O‘zbekistonda vaksinatsiyaning ikkinchi oyi boshlandi. Vaksinatsiyaning birinchi bosqichi 1-apreldan boshlangandi. Dastlabki bosqichda 65 yoshdan kattalar, surunkali kasalligi borlar, tibbiyot va ta’lim muassasalari (maktab va bog‘cha) xodimlari, shuningdek, huquq-tartibot organlari vakillari emlangandi.