O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida 26-aprel – 2-may kunlari 1,817 trillion so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,7 foizga ko‘p hisoblanadi. Mazkur davrda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 770,5 milliard so‘mni tashkil qildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan haftada birja savdolariga 8047 tonna paxta yog‘i qo‘yilgan bo‘lib, shundan 6902 tonnasi, ya’ni 85,8 foiz hajmdagi paxta yog‘i sotilgan. Elektron savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning o‘rtacha kunlik soni 130 kishini tashkil etgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15,004 million so‘mdan 17,228 million so‘mgacha, ya’ni 14,8 foizga ko‘tarilgan. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 16,310 million so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, o‘tgan haftada sotuvchi korxonalar avtomobil benzinining birjadagi boshlang‘ich narxlarini oshirgan. Birja savdolariga 38 599 tonna Ai-80 markali avtomobil benzini qo‘yilgan va uning 12 292 tonnasi, ya’ni 31,8 foizi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 34 xaridor ishtirok etgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sotuvchi korxonalar Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha boshlang‘ich narxini mahsulotning bir tonnasi uchun 6,361 million so‘mdan 6,474 million so‘mgacha yoki 1,8 foizga ko‘tarildi. Shu munosabat bilan, Ai-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6,362 million so‘mdan 6,475 million so‘mgacha, ya’ni 1,8 foizga, ya’ni sotuvchilarning boshlang‘ich narxlarini ko‘tarishi hisobiga o‘sgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda Ai-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6,468 million so‘mni, Ai-91 — 7,723 million so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, “Ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida 2021-yilda me’yor bo‘yicha ikki oylik ehtiyoj doirasida O‘zbekistonga 64 ming tonna shakar import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.