O‘zbekistonda “Reklama to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi bilan mobil aloqa tarmog‘i orqali reklama tarqatilishiga faqat iste’molchining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Foto: “Daryo”

Ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 4-may kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Majlisda deputatlar qonun loyihasini takomillashtirishda Internet va tashqi reklama faoliyatini tartibga solinishga alohida e’tibor qaratgan.

Majlisda qayd etilishicha, bugungi kunda reklama turlari ichida eng tez tarqalayotgan hamda tartibga solish jihatidan eng murakkabi internet reklamasi hisoblanadi. Deputatlar internet reklamani tartibga solish uchun qonunchilikka internet reklama tushunchasini kiritish, milliy qonunchilikning tatbiq etiladigan hududini aniqlash, O‘zbekistonda internet reklamani joylashtirishni tartibga solish mexanizmini aniqlab olish takliflarini kiritdi.

Shuningdek, deputatlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan paydo bo‘lishi kutilayotgan qonunosti hujjatlarda, xususan reklamaning joyi, hajmi, tashqi reklama konstruksiyalariga bo‘lgan talablar belgilanadigan nizom va yo‘riqnomalar albatta soha mutaxassislari, ekspertlik xulosalari asosida ishlab chiqilishi shartligini ta’kidlab o‘tgan.

Avvalroq O‘zbekistonda dorini taniqli shaxs yoki tibbiyot xodimi orqali reklama qilish, shuningdek, tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.