Rossiyada 9-may — G‘alaba kunida Ikkinchi jahon urushi faxriylariga beriladigan pul mukofotlari O‘zbekiston va Qozog‘istondagiga nisbatan kam bo‘lib chiqdi. “Rosbalt” bunga e’tiborini qaratdi, deb yozadi Meduza.

Foto: “RIA Novosti”

Rossiyada faxriylarga 9-may kuni 10 ming rubldan (1,4 mln so‘m) mukofot puli beriladi. O‘zbekistonda bu pul 12 million so‘mni tashkil etadi (deyarli 86 ming rubl), Qozog‘istonda hokimiyat faxriylarga million tenge (175 ming rubl — 24,4 mln so‘m) yuboradi.

“Moliya vazirligi rahbariyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan tashqari, faxriylarga beriladigan bunday kam to‘lovlarning birorta izohini taxmin qila olmayman”, —  dedi MDH mamlakatlari instituti direktorining o‘rinbosari Vladimir Jarixin “Nezavisimaya gazeta”ga.

Znak.com ta’kidlashicha, mukofot miqdori bu uch mamlakatdagi Ikkinchi jahon urushi faxriylari soniga bog‘liq bo‘lishi mumkin. 9-may kuni Rossiyada 33 mingdan ziyod kishi, O‘zbekistonda esa mingga yaqin kishi mukofotlanadi. 2020-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda ham mingga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bor.

2020-yilda G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan Rossiyadagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 75 ming rubldan (10,4 mln so‘m), frontorti faxriylari va konslagerlarning sobiq asirlariga 50 ming rubldan (6,9 mln so‘m) mukofot berilgan. Ushbu mukofot bilan millionga yaqin rossiyalik taqdirlangan edi.

O‘shanda O‘zbekistonda G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan pul mukofoti 10 million so‘mni (71 ming rubl), Qozog‘istonda bir million tengeni (175 ming rubl — 24,4 mln so‘m) tashkil etgan.