SpaceX kompaniyasi tomonidan Oyga va Marsga parvozlar uchun ishlab chiqilgan Starship SN15 kosmik kemasi prototipi Texas shtatidagi sinov parvozlari yakunida birinchi marta muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

“Starship normal qo‘nishni amalga oshirdi”, — deb yozdi SpaceX rahbari Ilon Mask Twitter’da.

Starship Texas shtatining Boka-Chika qishlog‘i yaqinidan Toshkent vaqti bilan 6-may 03:24 da start oldi. Kema taxminan 10 km balandlikka ko‘tarilib, so‘ng maydonchaga qaytib qo‘ndi.

Mart oxirida o‘tkazilgan bundan avvalgi sinovlar chog‘ida kemaning SN11 prototipi suborbital parvozdan keyin vertikal qo‘nishga bir daqiqa qolganida portlab ketgan edi.

Starship’ning sakkizinchi va to‘qqizinchi prototiplari 2020-yil dekabrida va 2021-yil fevralida sinov parvozlari chog‘ida qo‘nish paytida portlab ketgan edi.

Starship SN10 (o‘ninchi seriyali sinov qurilmasi) esa 4-mart kuni uchirildi. O‘shanda SpaceX parvoz sinovlari paytida birinchi marta Starship prototipini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin u qo‘nganidan keyin 7 daqiqa o‘tib portlab ketdi.

Aprel oxirida SpaceX rahbari SN15 prototipida “yuzlab konstruktiv mukammallashtirishlar” amalga oshirilganini ma’lum qilgan edi.

Starship eltuvchi raketasi Marsg ava Oyga yuklarni yetkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘z ichiga 100 kishini sig‘dira oladi. 2020-yil dekabrida Mask uning kompaniyasi 2026-yilda Marsga odamlarni yuborishiga ishonch bildirgan, “agar omadimiz chopsa, balki to‘rt yildan keyin ham bo‘lishi mumkin”, — degan edi.