Qashqadaryo viloyatida 2021-yilning o‘tgan 4 oyi davomida piyodalar ishtirokida sodir bo‘lgan YTHlar oqibatida 23 nafar fuqaro vafot etgan. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javlon Baxtiyevning aytishicha, viloyatda piyodalar bilan bog‘liq YTHlarning oldini olish maqsadida “Piyoda oyligi” tadbiri o‘tkazilmoqda.

Foto: Javlon Baxtiyev

Ta’kidlanishicha, “Piyoda oyligi” tadbiri 2021-yilning 1-mayidan 30-may kuniga qadar davom etadi.

“Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida viloyatda piyodalar bilan bog‘liq 57 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lib, shundan 37 ta holatda piyoda mayib-majruh bo‘lib qolgan. 23 ta holatda esa YTH odam o‘limi bilan yakunlangan”, — deydi Javlon Baxtiyev.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB YHXB

Javlon Baxtiyevning qo‘shimcha qilishicha, viloyatda 2021-yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida velosiped haydovchilari ishtirokida 10 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, 7 ta holatda velosiped haydovchisi tan jarohati olgan, 3 ta holatda esa YTH velosiped haydovchisining o‘limi bilan yakunlangan.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB YHXB

“Ichki ishlar vazirligi, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i farmoyishiga asosan joriy qilingan ‘Piyoda oyligi’da viloyatimizdagi mavjud o‘quv muassasalarida bo‘lib, targ‘ibot tadbirlarini olib boryapmiz. Maqsadimiz piyodalarning hushyorligini orttirib, ular ishtirokida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealarning oldini olishdan iborat”, — deydi Javlon Baxtiyev.

Avvalroq O‘zbekistonda yanvar—mart oylarida sodir bo‘lgan YTHlarda qariyb 400 kishi halok bo‘lgani xabar berilgandi.