Toshkentda quvvati tugaganini aytib, ishlamayotgan bodikamera bilan tekshiruv o‘tkazgan YPX xodimi va uning bevosita rahbarlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqda “Bodikamerasi ishlamayotgan YPX xodimi” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha tarqalgan. Unda 25-aprel kuni soat 14:00 larda Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi A.Akbarov tomonidan Sergeli tumani hududida joylashgan “Turbanov” blokpostida tegishli me’yoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida Malibu haydovchisi to‘xtatilgan.

Videolavhada YPX xodimi tomonidan haydovchiga bodikamera moslamasining quvvati tugaganligi aytilgan va bu holatga haydovchi e’tiroz bildirgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, xizmati davomida “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi nizom hamda ichki ishlar vazirining ayrim me’yoriy buyruqlari talablarini buzganligi uchun Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi A.Akbarovga va uning bevosita rahbarlariga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatida YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan Malibu haydovchisi 5 sutkaga, Damas haydovchisi esa 10 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi.