Ijtimoiy tarmoqda “Oyog‘i yerdan uzilgan Uchqo‘rg‘on YPX xodimlari” sarlavhasi ostida video tarqaldi. YHXBB ushbu lavha yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2021-yilning 2-may kuni soat 09:30 larda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan dehqon bozori oldida xizmat olib borayotgan IIB YHXB inspektori mayor G‘.I. tomonidan davlat raqam belgisisiz harakatlanib kelgan Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilgan.

Haydovchining me’yoriy hujjatlarini tekshirish vaqtida ham kamchiliklar aniqlangan va tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Oradan 3 kun o‘tib, 2021-yilning 5-may kuni soat 09:22 larda IIB YHXB inspektori G‘.I. yuqorida ko‘rsatilgan joyda xizmat olib borayotgan vaqtda ushbu Nexia haydovchisi uning oldiga borib, xodimdan ko‘krak nishon belgisini so‘rab, videotasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqqa tarqatgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Toshkentda YPX inspektori haydovchiga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatgani, poytaxtda quvvati tugaganini aytib, ishlamayotgan bodikamera bilan tekshiruv o‘tkazgan YPX xodimiga chora ko‘rilgani hamda Samarqandda YPX inspektorlari fuqaroni kuch ishlatib, xizmat mashinasida olib ketgani aks etgan video bo‘yicha rasmiy izoh berilgani haqida xabar berilgandi.