Ingenuity vertolyot droni Marsning siyrak atmosferasida beshinchi parvozini amalga oshirdi va sayyora yuzasida birinchi marta boshqa joyga uchib o‘tdi, deb yozadi Meduza NASA’ga tayanib.

Parvoz 7-may kuni amalga oshirildi. U Toshkent vaqti bilan 8-may kuni soat 00:26 da boshlanib, 108 soniya davom etdi. Ingenuity janub yo‘nalishida 129 metr uchib o‘tib, o‘zi uchun rekord hisoblangan 10 metr balandlikka ko‘tarildi va qo‘nishidan avval rangli fotosuratlarni qayd etdi. Bundan oldingi to‘rtta parvozini dron start joyida amalga oshirgan edi.

Fevraldan buyon Marsni tadqiq qilib kelayotgan Perseverance marsoxodi Ingenuity dronini uning beshinchi parvozi chog‘ida suratga oldi.

Shuningdek, NASA xabar berishicha, Ingenuity’ning 30-apreldagi to‘rtinchi parvozi chog‘ida Perseverance roveri birinchi marta dron parraklarining tovushini audioyozuv sifatida qayd etgan. Mutaxassislar sayyoradagi siyrak atmosfera tufayli audioyozuv muvaffaqiyatli chiqmasligidan xavotirlangan edi. “Bu juda yaxshi syurpriz bo‘ldi… Bu bizning Mars atmosferasini tushunishimiz uchun zarur manba bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Fransiyaning ISAE-Supaero universiteti professori David Mimun.

Ingenuity vertolyotli droni — Marsni o‘rganish tarixidagi birinchi atmosferada uchuvchi qurilma. U sayyoraga fevral oyida Perseverance roveri bilan birga yetib borgan edi. O‘zining ilk parvozini Ingenuity 19-aprel kuni amalga oshirib, uch metr balandlikka ko‘tarilgan va Mars yuzasi uzra 39 soniya vaqt o‘tkazgan edi.

22-aprel kuni Ingenuity droni ikkinchi marta muvaffaqiyatli avtonom parvozni amalga oshirgan edi. O‘shanda vertolyot besh metrgacha balandlikka ko‘tarildi. Sayyora yuzasi uzra biroz muallaq turgach, vertolyot 5 darajaga og‘di va yon tomonga qarab 2 metr masofaga uchdi. Shundan so‘ng u yana muallaq turdi, so‘ng turli tomonlarga burilib, o‘zining rangli kameralarini ishga soldi. So‘ngra u qo‘nish uchun o‘z “aerodromi”ga yo‘l oldi. Butun parvoz, taxminan, 50 soniya davom etdi.

Ingenuity vertolyotining uchinchi parvozi 25-aprel kuni amalga oshirildi hamda tezlik va masofa bo‘yicha har qachongidan, hatto Yerda olib borilgan sinovlar chog‘ida namoyish etilgan natijalardan ham ko‘ra, yaxshiroq ko‘rsatkichlarga erishildi. Vertolyot ikkinchi parvozdagi kabi 16 fut (5 metr)ga ko‘tarildi, so‘ng 50 metr masofani uchib o‘tib (futbol maydoni uzunligining yarmidan ko‘prog‘iga teng masofa), soniyasiga 6,6 fut (2 metr) maksimal tezlikka erishdi.

29-aprel kuni esa dronning to‘rtinchi parvozi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Ammo bir kun o‘tib, qaytadan amalga oshirilgan urinish muvaffaqiyatli kechdi. NASA vertolyot avvalgilaridan kattaroq tezlikda va ko‘proq masofaga uchganini hamda sayyorani yanada ko‘proq suratga olganini ma’lum qildi.

Ingenuity 31 kun ishlashga mo‘ljallangan. U yana kamida ikkita parvozni amalga oshirib, marsoxod atrofidagi hududni aerofotosyomka qilishi kerak.

Dronning diametri 1,2 metr, og‘irligi, taxminan, 1,8 kg bo‘lib, uni ishlab chiqish uchun 85 million dollar sarflangan. U ikkita kamera bilan jihozlangan va suratga olish uchun havoda 20—30 soniya davomida muallaq tura oladi. NASA avvalroq bunday qurilma uchun asosiy muammo Mars atmosferasining o‘ta siyrakligidan iborat bo‘lishini ma’lum qilgandi. “Mars atmosferasining zichligi Yernikining atigi 1 foiziga teng, shu sababli vertolyot shunchaki sayyora yuzasida turgan vaqtida ham bu uning uchun Yerdagi 30 kilometr balandlikka teng bo‘ladi”, — degan edi loyiha muallifi.

Ingenuity Marsga Perseverance marsoxodi bilan birga yetib kelgan. Marsoxod ortilgan raketa 2020-yil iyulida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan edi. Fevralda Amerika roveri Yezero krateriga borib qo‘ndi. Bungacha sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar yordamida u yerda katta ko‘lga borib quyilgan daryo o‘zani izlari aniqlangan edi. Olimlar fikricha, kraterda hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin.